Xalqaro forumda O‘zbekiston tibbiyot sohasidagi islohotlar namoyish qilindi
Dekabr 11, 2025. 19:26 • 2 daq
• 168
GUANCHJOU, 12-dekabr. /“Dunyo” AA/. Bosh konsulxona tomonidan Xitoy bilan tibbiyot sohasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish maqsadida Guanchjou shahrida o‘tkazilgan “International Medical Cooperation” xalqaro forumida mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi namoyish qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Guandun provinsiyasi hukumati va yetakchi “Zhujiang Hospital of South Medical University” (Chjuszyan klinikasi) tomonidan tashkil etilgan tadbirda Xitoyning 120 dan ortiq soha mutaxassislari, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazlar, kompaniya va agentliklar hamda Hindiston, Bangladesh, Malayziya, Kambodja, Tailand kabi davlatlardan ekspertlar ishtirok etdi.
Taqdimot davomida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri – sog‘liqni saqlash tizimini transformatsiya qilish, fuqarolarga zamonaviy, sifatli va samarali tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, soha muassasalarini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish jarayonlari hamda yaratilgan qulay investitsion muhit to‘g‘risida batafsil maʼlumot berildi.
Chjuszyan klinikasi prezidenti Go Xongbo bilan bo‘lib o‘tgan suhbat davomida zamonaviy diagnostika-davolash usullari, ushbu jarayonlarda foydalaniladigan ilg‘or texnologiyalar va innovatsion yechimlar yuzasidan o‘zaro tajriba oshirish, akademik almashinuvlarni faollashtirish, malaka oshirish dasturlarini ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi