Kuvaytda O‘zbekiston mustaqilligining 35-yilligi keng nishonlandi
Oktabr 04, 2026. 16:00 • 2 daq
• 48AL-KUVAYT, 4-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Al-Kuvayt shahrida O‘zbekiston mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
250 nafardan ortiq kishi qatnashgan tadbirda Kuvaytning turli davlat idoralari vakillari, ishbilarmon doiralar, xorijiy davlatlarning ushbu davlatda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatlari, ommaviy axborot vositalari va vatandoshlar ishtirok etdi.
Marosimning faxriy mehmoni sifatida Kuvayt davlat vaziri, iqtisodiy masalalar va investitsiyalar vaziri, Savdo va sanoat vaziri vazifasini bajaruvchi Abdulaziz Nosir Abdulaziz al-Marzuq qatnashdi.
Kuvayt vaziri Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, ochiq va pragmatik tashqi siyosati hamda jahon hamjamiyatidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganini ta’kidladi.
O‘zbekistonda bozor tamoyillariga asoslangan zamonaviy iqtisodiyotni shakllantirish, investitsiya muhitini yanada yaxshilash va xorijiy hamkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan Kuvayt o‘rtasidagi siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlik sezilarli darajada faollashgani, ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotgani qayd etildi.
Tadbir doirasida mehmonlarga O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti, mamlakatda turli sohalarda erishilayotgan natijalar, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan tobora kengayib borayotgan hamkorlik aloqalarini aks ettiruvchi videolavha namoyish etildi.
Qabul ishtirokchilari O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi yuqori sur’atini mamnuniyat bilan qayd etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
Tadbirning madaniy qismida O‘zbekistonning milliy an’analari va boy madaniy merosi mehmonlarga keng namoyish etildi. Mehmonlarga o‘zbek milliy taomlari, an’anaviy palov, patir non, yurtimizda yetishtirilgan uzum va boshqa milliy ne’matlar taqdim etildi.
Marosim doirasida O‘zbekistondan keltirilgan milliy hunarmandchilik buyumlari hamda oziq-ovqat mahsulotlarining maxsus ko‘rgazmasi tashkil qilinib, mehmonlar mamlakatimizning eksport va ishlab chiqarish salohiyati bilan yaqindan tanishdi.
O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35-yilligiga bag‘ishlangan tantanali qabul Kuvayt ommaviy axborot vositalarida ham keng yoritildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





