O‘zbekiston Xalqaro kongresslar va anjumanlar assotsiatsiyasiga aʼzo bo‘ldi

Avgust 06, 2026. 14:30 • 2 daq

93
O‘zbekiston Xalqaro kongresslar va anjumanlar assotsiatsiyasiga aʼzo bo‘ldi

ASHXOBOD, 6-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Xalqaro kongresslar va anjumanlar assotsiatsiyasiga (ICCA) rasman aʼzo bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Turkmanistonning “Orient” axborot agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, Turizm qo‘mitasi huzuridagi Loyiha ofisining ushbu nufuzli tuzilmaga qo‘shilishi mamlakatning jahon ishbilarmonlik turizmi (MICE) bozoriga bevosita chiqishiga yo‘l ochadi.

Bu voqea O‘zbekistonga yirik xalqaro sammitlar, ko‘rgazmalar va korporativ forumlarni jalb qilish imkonini yaratadi. Iqtisodchilarning fikricha, oddiy sayyohlardan farqli o‘laroq, ishbilarmonlik tadbirlari ishtirokchilari o‘rtacha 3–4 barobar ko‘p mablag‘ sarflaydi va bu mehmonxonalar, transport, umumiy ovqatlanish hamda xizmat ko‘rsatish sohalari rivojlanishini rag‘batlantiradi.

“Orient” AA ICCA aʼzoligi mamlakatga quyidagilarni taqdim etishini qayd etadi:

- maʼlumotlar bazasidan foydalanish imkoniyati: mamlakat dunyoning eng yirik kongresslarini o‘tkazish huquqi uchun bevosita kurash olib borishi mumkin bo‘ladi;

- iqtisodiyot daromadlarining o‘sishi: yuqori to‘lov qobiliyatiga ega xorijiy mehmonlar va sarmoyadorlarni jalb etish;

- jahon standartlari: xalqaro tajribani joriy etish va yirik tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha mahalliy mutaxassislarni tayyorlash;

- brendning mustahkamlanishi: O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi xavfsiz va zamonaviy ishbilarmonlik markazi sifatidagi nufuzini oshirish.

Agentlikning xulosa qilishicha,rivojlangan infratuzilma – yangi kongress markazlari, mehmonxonalar va aviaqatnovlarning kengayishi tufayli O‘zbekiston mintaqaning asosiy ishbilarmonlik markaziga aylanish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish