Logo

Lahorda O‘zbekiston va Pokiston hamkorligini yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi

Fevral 11, 2026. 09:14 • 2 daq

114
Lahorda O‘zbekiston va Pokiston hamkorligini yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi

LAHOR, 11-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Lahor shahriga tashrifi davomida Pokiston sobiq Bosh vaziri, “Pokiston musulmon ligasi – N” partiyasi yetakchisi Navaz Sharif bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot avvalida Navaz Sharif O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shu yil 5–6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlarini yuksak baholadi. U tashrif davomida o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ikki hamda ko‘p tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini taʼkidladi.

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi, Vatanga bo‘lgan sadoqati va tashabbuskorligi natijasida so‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi va ichki siyosatida ulkan yutuqlarga erishdi, – dedi Navaz Sharif. Uning rahbarligida Yangi O‘zbekiston jadal rivojlanmoqda. Mamlakatingiz tarixan qisqa davr ichida juda jadal surʼatlarda taraqqiy etib, milliy iqtisodiyotini mustahkamladi hamda xalqaro maydonda o‘z o‘rni va so‘ziga ega bo‘lgan davlatlar qatoridan munosib joy egalladi.

Uchrashuv davomida oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini taʼminlash, ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sanoat kooperatsiyasi yo‘nalishidagi aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston hududlari va Panjob viloyati o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Ikki mamlakat tadbirkorlarining biznes missiyalarini uyushtirish, to‘qimachilik sohasida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda sayyohlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar qo‘llab-quvvatlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish