Londonda Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi

Iyun 14, 2026. 13:30 • 2 daq

6
Londonda Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi

LONDON, 14-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmanov Buyuk Britaniya parlamenti a’zosi, Qatar xalqaro sudi raisi, lord Jon Tomas bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Suhbat davomida Jon Tomas O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni, xususan, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, odil sudlov sifatini oshirish hamda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ijobiy baholadi.

Shuningdek, u Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlab, ushbu loyihaning amalga oshirilishi mamlakatning investitsiya muhitini yanada yaxshilash, xalqaro moliya bozorlariga integratsiyani kuchaytirish hamda zamonaviy huquqiy va institutsional infratuzilmani shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. 

Jon Tomasning fikricha, ushbu markazda Angliya va Uelsning umumiy huquq tamoyillarini joriy etish xalqaro investorlar ishonchini mustahkamlash hamda O‘zbekistonning global moliyaviy maydondagi raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik qilish yuzasidan o‘zaro kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish