“Agenzia Nova”: Toshkent xalqaro investitsiya forumining bosh xususiyati uning amaliy ahamiyatga ega ekanligidir
Iyun 14, 2026. 11:30 • 2 daq
• 13
RIM, 14-iyun. /“Dunyo” AA/. Italiyaning “Agenzia Nova” yetakchi axborot agentligida Toshkent xalqaro investitsiya forumiga bag‘ishlangan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, Toshkent xalqaro investitsiya forumi qisqa davr ichida Markaziy Osiyoning iqtisodiy rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish va xalqaro investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun eng nufuzli maydonlardan biriga aylanishga ulgurdi.
Maqolada ishtirokchilar sonining barqaror o‘sib borayotgani va forum geografiyasi kengayayotgani xalqaro hamjamiyatning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga bo‘lgan qiziqishi tobora ortayotganidan dalolat berishi alohida ta’kidlangan. Nashrning fikricha, ushbu forum davlat sektori, xalqaro moliya institutlari va xususiy biznes o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning muhim mexanizmiga aylanib bormoqda.
Bo‘lajak tadbirning nufuzi va undagi delegatsiyalarning darajasi yuqori ekanligiga alohida e’tibor qaratilgan. Davlat va hukumat rahbarlari, yirik xalqaro moliya tashkilotlari, investitsiya fondlari hamda transmilliy kompaniyalar vakillarining ishtiroki O‘zbekistonning jahon investitsiya xaritasidagi mavqei mustahkamlanib borayotganining yaqqol isboti sifatida baholangan.
“Agenzia Nova” agentligining yozishicha, TMIF-2026 anjumanining bosh xususiyati uning amaliy ahamiyatga ega ekanligidadir. Forum nafaqat dolzarb iqtisodiy masalalarni muhokama qilish, balki yangi investitsiyaviy loyihalarni hayotga tatbiq etish, ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish va iqtisodiyotning strategik muhim tarmoqlarida o‘zaro manfaatli bitimlar imzolash kabi aniq natijalarga erishishga qaratilgan.
Maqola yakunida “Agenzia Nova” Toshkent xalqaro investitsiya forumi “Yangi O‘zbekiston” strategiyasi doirasida mamlakatda kechayotgan keng ko‘lamli yangilanishlarning namoyishi ekanligini qayd etadi. Forum respublikaning xalqaro sheriklar bilan ochiq muloqotga tayyorligini hamda mintaqaviy va global miqyosda o‘zaro manfaatli hamkorlik, investitsiyalar va barqaror rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga intilayotganini yaqqol ko‘rsatib bermoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi