O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Qohirada Misrning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi
Iyun 14, 2026. 11:00 • 2 daq
• 103
TOSHKЕNT, 14-iyun. /“Dunyo” AA/. Kecha Qohirada O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Misrning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari va yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Misr sanoatchilari federatsiyasida mamlakatning yetakchi ishbilarmon doiralari va yirik kompaniyalari rahbarlari bilan ko‘rishdik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Samarali kechgan uchrashuvda “ACDIMA Group”, “Alexx-Performance”, “Bell Energy”, “DALTEX Co”, “EFC Plants”, “Elsewedy Electric”, “ORASCOM Construction”, “Seagull Petroleum and Mining”, “REDCON Construction”, “Travco Group”, “In2Metals” kabi nufuzli kompaniyalar rahbarlari hamda vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida Misr sanoatchilari federatsiyasi raisi Muhammad Zaki al-Suvaydiy janoblari bilan atroflicha fikr almashdik. Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yangi investitsiya loyihalarini ilgari surish masalalari muhokamalar markazida bo‘ldi.
Misr ishbilarmon doiralari bilan sanoat kooperatsiyasi, energetika, qurilish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, logistika va infratuzilma sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildik.
O‘zbekiston misrlik investorlar va sanoatchilar uchun ishonchli va ochiq hamkor bo‘lib qoladi”.
“Dunyo” AA surati
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi