Britaniya turoperatorlari O‘zbekiston ziyorat turizmiga katta qiziqish bildirmoqda
Iyun 29, 2026. 12:00 • 2 daq
• 9LONDON, 29-iyun. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyada mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi va ziyorat turizmi imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir Britaniyaning “Halal Travel” kompaniyasi asoschisi Hafsa Gaxer hamda “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Buyuk Britaniyadagi brend elchisi Sofi Ibbotson bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Uchrashuvda Britaniyaning turizm sohasi yetakchi vakillari, turoperatorlar, ommaviy axborot vositalari hamda musulmon jamoatchiligi namoyandalaridan iborat 50 nafardan ortiq mehmon ishtirok etdi.
Taqdimot davomida ishtirokchilarga O‘zbekistonning Buyuk Ipak yo‘li markazida joylashgan, ming yillik tarixga, boy madaniy merosga va yuksak islomiy qadriyatlarga ega davlat ekani haqida batafsil maʼlumot berildi.
Tadbirning asosiy qismida mamlakatimizning muqaddas ziyoratgohlari va buyuk islom ulamolari merosi, xususan, Samarqand shahrida to‘liq qayta barpo etilgan hamda zamonaviy infratuzilmaga ega Imom Buxoriy majmuasi alohida eʼtirof etildi.
Shuningdek, Toshkent shahrida barpo etilgan hamda “eng yirik Islom sivilizatsiyasi muzeyi” sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqida ham batafsil maʼlumot taqdim etildi. Markazda O‘zbekiston hududidan yetishib chiqqan buyuk allomalarning ilmiy merosi, noyob qo‘lyozmalar, tarixiy eksponatlar va islom sivilizatsiyasining rivojiga bag‘ishlangan zamonaviy ekspozitsiyalar joy olgani qayd etildi.
Shu bilan birga, respublikamizda “halol” turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil ishlar, halol sertifikatiga ega turistik xizmatlar, mehmonxonalar hamda yangi, maqbul ziyorat yo‘nalishlari namoyish etildi.
Tadbir doirasida Britaniya turoperatorlari bilan O‘zbekistonga musulmon sayyohlar oqimini oshirish, ziyorat turizmini keng rivojlantirish hamda ushbu istiqbolli yo‘nalishdagi ikki tomonlama amaliy hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

