Madridda Ispaniya banklar guruhining O‘zbekistondagi loyihalarni moliyalashtirishdagi ishtiroki istiqbollari muhokama qilindi
Iyun 25, 2026. 12:00 • 2 daq
• 107
MADRID, 25-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasida “Banco de Sabadell” banki direktori Xaume Balager Penyaroyya bilan onlayn uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida Ispaniya tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, mamlakatimizda yaratilgan qulay investitsiya muhiti, iqtisodiy o‘sishning barqaror sur’atlari hamda Ispaniya va Yevropa Ittifoqining yetakchi moliyaviy institutlari bilan sheriklikni kengaytirish istiqbollari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Suhbatda Ispaniya kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan investitsiyaviy va infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirishda “Banco de Sabadell” bankining ishtirok etish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Ispaniyaning Almeriya provinsiyasi ilg‘or tajribasi va Galisiyaning geotermal texnologiyalari asosida zamonaviy issiqxona majmualarini barpo etish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, energetika, sanoat, transport va turizm sohalaridagi boshqa tashabbuslarga bankning moliyaviy vositalarini jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
“Banco de Sabadell” vakili O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli yangilanishlarni yuqori baholab, bank o‘z mamlakatimiz bilan hamkorlikni rivojlantirishda katta istiqbollarni ko‘rayotganini ta’kidladi. Ispaniya tomoni o‘zbekistonlik sheriklar bilan investitsiyaviy loyihalarni birgalikda moliyalashtirishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida “Banco de Sabadell” rahbariyati O‘zbekiston bilan sheriklikni izchil rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi hamda yangi qo‘shma loyihalarni joyida o‘rganish maqsadida Ispaniyaning qator yetakchi kompaniyalari vakillari bilan birgalikda yurtimizga amaliy tashrif tashkil etishga tayyorligini ma’lum qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi