Logo

Madridda Amir Temur merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi

May 10, 2026. 10:55 • 2 daq

63
Madridda Amir Temur merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi
Madridda Amir Temur merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi
Madridda Amir Temur merosiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi

MADRID, 10-may. /“Dunyo” AA/. Ispaniyaning yetakchi “El Mundo Financiero” nashrida Madrid shahrida Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, Madrid shahridagi nufuzli “Casa Árabe” madaniy markazida buyuk davlat arbobi, mohir sarkarda, qudratli davlat asoschisi va jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxs Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston, Ispaniya va boshqa davlatlardan kelgan olimlar, madaniyat va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Jumladan, yurtimizning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov, O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultanov, Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxalikov, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev, ispaniyalik yozuvchi Xesus Sanches Adalid, Sharqshunoslar assotsiatsiyasi bosh kotibi Xesus Xil Fuensanta, “La Temurid” uyushmasi prezidenti Frederik Bressand va boshqa xalqaro ekspertlar maʼruza qildi.

Anjuman O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan keng ko‘lamli tadbirlarning mantiqiy davomi bo‘ldi. Aprel oyi Amir Temur oyi deb eʼlon qilinib, yubiley tadbirlari O‘zbekiston va xorijda yuqori darajada nishonlandi.

Muallifning taʼkidlashicha, konferensiyaning aynan Ispaniyada o‘tkazilgani unga alohida ramziy maʼno bag‘ishladi. Zero, bu mamlakat Samarqandga tashrif buyurgan va Amir Temur davlati haqida qimmatli tarixiy maʼlumotlar qoldirgan mashhur ispaniyalik elchi Ruy Gonsales de Klavixo vatani hisoblanadi. Uning asarlari Temuriylar davri tarixini o‘rganishda eng muhim manbalardan biri sifatida eʼtirof etiladi.

Forumda Osiyo, Yevropa Ittifoqi va Lotin Amerikasi davlatlaridan 70 dan ortiq olimlar, tadqiqotchilar, diplomatlar va madaniyat namoyandalari ishtirok etdi. Bu esa Amir Temur shaxsi va Temuriylar merosiga bo‘lgan xalqaro qiziqish yuqori ekanidan dalolat.

Madridda o‘tkazilgan mazkur xalqaro konferensiya Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng xalqaro miqyosda nishonlanayotganining yana bir yorqin namunasi bo‘lib, madaniy aloqalarni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Xalqaro tadbirning Ispaniyada, Klavixo nomi bilan bog‘liq tarixiy zaminda o‘tkazilgani esa Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘p asrlik muloqot anʼanalari bugun ham davom etayotganini yana bir bor namoyon etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish