Malayziyada o‘zbek xotin-qizlarini birlashtiruvchi uyushma tashkil etiladi
Noyabr 03, 2026. 09:30 • 2 daq
• 130
KUALA-LUMPUR, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova boshchiligidagi delegatsiyaning Malayziyaga xizmat safari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida ushbu mamlakatda faoliyat yuritayotgan va tahsil olayotgan vatandosh xotin-qizlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Kuala-Lumpur shahridagi vakillari va koordinatorlari ham qatnashdi.
Mukarram Nurmatova ishtirokchilarga yurtimizda va xorijda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlar haqida alohida to‘xtalib o‘tdi. U ayollarga yaratilayotgan qo‘shimcha ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.
Xususan, xotin-qizlarning magistraturada ta’lim olishi bepul asosda amalga oshirilishi, ehtiyojmand oilalar qizlarining bakalavriat bosqichi uchun shartnoma to‘lovlari to‘liq davlat tomonidan qoplab berilishi, tadbirkorlikni boshlash yoki biznesini kengaytirmoqchi bo‘lgan ayollarga imtiyozli kreditlar ajratilayotgani xususida fikr bildirdi.
Tadbirda Malayziyadagi xotin-qizlarimizning taklif va tashabbuslari tinglandi. Takliflarning asosiy qismi yangi IT va startap loyihalarini ishga tushirish, O‘zbekistondagi tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda qo‘shma tadqiqot ishlarini amalga oshirish hamda ayollar o‘rtasida vatanparvarlik ruhini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish bilan bog‘liq ekani e’tiborga olindi.
Ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha yurtdoshlarga tizimli ko‘mak ko‘rsatish maqsadida Malayziyada O‘zbek xotin-qizlari uyushmasini tashkil etish va uning faoliyatini “Uyushma-Elchixona-Xotin-qizlar qo‘mitasi” formati asosida yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi