O‘zbekiston va Shvetsiya mehnat migratsiyasi sohasida amaliy hamkorlikka o‘tmoqda

Noyabr 10, 2026. 18:00 • 2 daq

• 181
O‘zbekiston va Shvetsiya mehnat migratsiyasi sohasida amaliy hamkorlikka o‘tmoqda
O‘zbekiston va Shvetsiya mehnat migratsiyasi sohasida amaliy hamkorlikka o‘tmoqda
O‘zbekiston va Shvetsiya mehnat migratsiyasi sohasida amaliy hamkorlikka o‘tmoqda

STOKGOLM, 10-noyabr. /“Dunyo” AA/. Migratsiya agentligi direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Shvetsiyaga uch kunlik amaliy tashrifi boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Delegatsiya tarkibidan Kasbiy ta’lim agentligi direktori Azimjon Husanov, O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi, Tashqi ishlar hamda Ichki ishlar vazirliklari vakillari o‘rin olgan.

Tashrif O‘zbekiston elchixonasi, Shvetsiya migratsiya agentligi hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti ko‘magida tashkil etildi. 

Ushbu tashrif 2026-yil 10-iyunda Toshkentda imzolangan va 1-noyabrdan kuchga kirgan Migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi bitimni hayotga tatbiq etishning ilk amaliy bosqichi bo‘ldi.

Shvetsiyada malakali mutaxassislarga barqaror talab mavjudligi tufayli ushbu mamlakat O‘zbekiston uchun alohida qiziqish uyg‘otmoqda. Sog‘liqni saqlash, keksalarni parvarishlash, qurilish, muhandislik-texnika va xizmat ko‘rsatish sohalarida kadrlarga ehtiyoj yuqoriligicha qolmoqda. Bu o‘zbekistonliklarni Yevropa mehnat bozorida uyushgan holda ish bilan ta’minlash uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Tashrifning birinchi kunida Shvetsiya migratsiya agentligi bosh direktori o‘rinbosari Annika Gottberg bilan muzokaralar o‘tkazildi. Unda tomonlar bitim doirasidagi amaliy hamkorlik mexanizmlari hamda O‘zbekiston fuqarolariga ishlash uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirish tartibini ko‘rib chiqdi.

Shuningdek, Shvetsiya Oliy kasbiy ta’lim milliy agentligi bosh direktori o‘rinbosari Krister Bergkvist bilan ham alohida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda asosiy e’tibor kasbiy malakalarni o‘zaro tan olish hamda Shvetsiya mehnat bozori talablari va standartlariga mos mutaxassislarni O‘zbekistonda tayyorlash imkonini beruvchi qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqishga qaratildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi shved hamkorlarini mamlakatimizda migratsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan ham tanishtirdi. Xususan, 2-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda belgilab berilgan ustuvor vazifalar – texnikumlar dasturlarini xorijiy ish beruvchilar talablariga moslashtirish, malakali kadrlar tayyorlash va fuqarolarni chet elda ishga joylashtirish vazifalarini xususiy bandlik agentliklariga o‘tkazishga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Nomzodlarni kasbga o‘qitish, ularni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish va huquqiy himoyasini ta’minlashni nazarda tutuvchi “tayyorlash – ishga joylashtirish – himoya qilish” modelini shakllantirish hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Bu jarayonda kasbiy ta’lim sohasidagi hamkorlik, malakalarni tan olish va akademik mobillik ham muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Shvetsiyaga amaliy tashrifi davom etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish