Rossiyaning Sverdlovsk viloyatida o‘zbekistonlik mehnat migrantlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Noyabr 05, 2026. 09:00 • 2 daq
• 251
YEKATЕRINBURG, 5-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligi vakillari Rossiyaning Sverdlovsk viloyatiga vaqtincha ishlash uchun kelgan vatandoshlar bilan sayyor uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuv davomida hamyurtlarga konsullik-huquqiy masalalar, jumladan, pasportlarni rasmiylashtirish, O‘zbekistonda berilgan hujjatlardan Rossiyada foydalanish va mamlakat migratsiya qonunchiligiga rioya qilish bo‘yicha maslahatlar berildi.
Xorijdagi fuqarolarning xavfsizligi masalalari, xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali noqonuniy faoliyat, giyohvandlik vositalarini tarqatish, ekstremizm va terrorizmga jalb qilinish xavflariga alohida e’tibor qaratildi.
Vatandoshlar chet el qurolli kuchlari va xususiy harbiy kompaniyalar safiga qo‘shilmaslik haqida alohida ogohlantirilib, O‘zbekiston qonunchiligida belgilangan jinoiy javobgarlik to‘g‘risida eslatib o‘tildi.
Migratsiya agentligi vakillari O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 22-apreldagi 252-sonli qarorida nazarda tutilgan imkoniyatlar, jumladan, mehnat migrantlari uchun moddiy yordam, tibbiy xizmat va boshqa turdagi ko‘maklarni olish tartibi haqida ma’lumot berdi.
Uchrashuv yakunida yurtdoshlarimizga Rossiya qonunchiligiga rioya qilish hamda chet elda ishga joylashish va bo‘lib turish vaqtida ehtiyotkor bo‘lish tavsiya etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi