Moskvada O‘zbekistondagi yangilanish jarayonlariga bag‘ishlangan maxsus jurnal nashr etildi

Noyabr 04, 2026. 08:55 • 2 daq

• 101
Moskvada O‘zbekistondagi yangilanish jarayonlariga bag‘ishlangan maxsus jurnal nashr etildi
Moskvada O‘zbekistondagi yangilanish jarayonlariga bag‘ishlangan maxsus jurnal nashr etildi

MOSKVA, 4-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi mamlakatimiz mustaqilligining 35-yilligi hamda Yangi O‘zbekiston islohotlarining 10-yilligiga bag‘ishlangan maxsus jurnalni chop etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur nashr zamonaviy O‘zbekistonning yutuqlari — keng ko‘lamli islohotlar, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ijobiy natijalari, investitsiyaviy salohiyat, ta’lim, sport va sog‘liqni saqlash sohalaridagi loyihalar, ochiq tashqi siyosat hamda xalqaro hamkorlik, shuningdek, mamlakatimizning turistik imkoniyatlari haqida hikoya qiladi.

Maqola mualliflari O‘zbekistonning bugungi qiyofasi boy tarixiy-madaniy merosning jadal iqtisodiy o‘sish, texnologik yangilanish va biznes hamda investitsiyalar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar uyg‘unligi asosida shakllanayotganini ta’kidlaganlar.

Jurnalda 2016-yildan boshlangan iqtisodiy islohotlar natijalariga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, valyuta bozorini liberalizatsiya qilish, soliq tizimini takomillashtirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish, maxsus iqtisodiy zonalarni rivojlantirish, davlat raqamli xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari chuqur tahlil qilingan.

Nashrda tarixiy meros va zamonaviy taraqqiyot jarayonlari davlatning yangi qiyofasini shakllantiruvchi omillar sifatida yoritilgan, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi esa Yangi O‘zbekistonning ma’naviy-intellektual yuksalish strategiyasi sifatida ko‘rsatilgan. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy fan va madaniyat markazlari qatorida zamonaviy taraqqiyot bilan odimlab borayotgan hududlar, jumladan, Surxondaryo haqida ham alohida hikoya qilinadi.

Shuningdek, jurnalda O‘zbekiston elchisi Botirjon Asadovning tabrik so‘zi chop etilgan. Unda mamlakatimiz mustaqilligining 35-yili davomida erishilgan muhim natijalar qayd etilgan. O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatilgani, ikki tomonlama aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilgani hamda savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil o‘sib borayotgani alohida ta’kidlangan. Shu bilan birga, atom energetikasi, hududlararo aloqalar, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash va tog‘-kon sanoati sohalaridagi hamkorlik istiqbollariga ham e’tibor qaratilgan.

Jurnal 4000 nusxada nashr etilgan bo‘lib, u Rossiya vazirlik va idoralari, ishbilarmonlik, ekspert-tahliliy, ilmiy, akademik va keng jamoatchilik doiralari, shuningdek, Moskvada akkreditatsiya qilingan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari o‘rtasida tarqatilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish