Logo

Namanganda “Do‘stlik-2026” O‘zbekiston-Hindiston harbiy o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi

Aprel 15, 2026. 17:20 • 2 daq

439
Namanganda “Do‘stlik-2026” O‘zbekiston-Hindiston harbiy o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi
Namanganda “Do‘stlik-2026” O‘zbekiston-Hindiston harbiy o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi

DEHLI, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. Namangan viloyatidagi “G‘urumsaroy” tog‘ poligonida “Do‘stlik-2026” O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma harbiy o‘quv mashg‘ulotlarining navbatdagi bosqichi boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Yettinchi marotaba o‘tkazilayotgan mazkur amaliyot harbiy hamkorlikni mustahkamlash hamda noqonuniy qurolli tuzilmalarga qarshi kurashishda hamjihatlikni oshirishga qaratilgan.

Keng ko‘lamli o‘quv mashg‘ulotlari tog‘ oldi hududlarida bo‘lib o‘tmoqda hamda sharoitni bunday maydonlardagi jangovar vazifalarga maksimal darajada yaqinlashtirishga eʼtibor qaratilgan.

“Do‘stlik-2026” mashg‘ulotlarining asosiy maqsadi ikki armiyaning tezkor muvofiqlashuv darajasini oshirishdan iborat.

Harbiylar notekis yerlarda harakatlanish, shartli dushman bazalariga zarbalar berish, g‘anim tomonidan vaqtincha egallab olingan hududlarni ozod qilish bo‘yicha mashqlarni bajarmoqda.

Qo‘shinlarni boshqarishning yagona algoritmini yaratish, birgalikda taktik rejalashtirish va operatsiyalarni o‘tkazishga eʼtibor qaratilmoqda.

Hindiston kontingenti O‘zbekiston Qurolli kuchlarining ustavi va taktik usullari bilan ham tanishmoqda.

Ikki haftalik mashg‘ulotlarga majmuaviy amaliy operatsiya yakun yasaydi. Uning doirasida birlashgan kuchlar shartli noqonuniy qurolli tuzilmalarni qidirib topish va zararsizlantirish bo‘yicha maxsus amaliyot o‘tkazadi.

“Do‘stlik” mashg‘ulotlari 2019-yildan buyon navbatma-navbat O‘zbekiston va Hindiston hududida o‘tkazib kelinmoqda. Oxirgi, oltinchi mashg‘ulotlar 2025-yil aprel oyida Hindistonning Pune shahrida tashkil etilgan.

Joriy o‘quv mashg‘ulotlari nafaqat bo‘linmalarning jangovar salohiyatini oshiradi, balki mintaqaviy xavfsizlik sohasida Toshkent va Dehli o‘rtasidagi strategik sheriklik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashda muhim diplomatiya vositasi bo‘lib xizmat qiladi. Tashkilotchilarning taʼkidlashicha, qo‘shma mashg‘ulotlar ikki davlat harbiy xizmatchilari o‘rtasida do‘stlik ruhini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish