Logo

Moskva shahrida O‘zbekiston Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasining yangilangan ofisi ochildi

Aprel 16, 2026. 14:30 • 2 daq

223
Moskva shahrida O‘zbekiston Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasining yangilangan ofisi ochildi

MOSKVA, 16-aprel. /“Dunyo” AA/. Moskva shahrida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasining yangilangan ofisining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekiston elchisi Botirjon Asadov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev, Rossiya bosh prokurori o‘rinbosari Pavel Gorodov, yirik ish beruvchilar hamda yuridik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

Tadbir doirasida Behzod Musayevning Rossiyaning yirik ish beruvchilari bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi, shuningdek, yuridik hamjamiyat vakillari ishtirokida "Rossiya Federatsiyasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga huquqiy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirish" mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Davra suhbatining asosiy eʼtibori Rossiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqiy himoyasini yana-da kuchaytirish, ularga malakali va o‘z vaqtida huquqiy yordam ko‘rsatish masalalariga qaratildi.

Muhokamalar davomida Rossiyaning yangi migratsiya siyosati bilan bog‘liq dolzarb jihatlar ko‘rib chiqildi, fuqarolar bilan o‘zaro hamkorlik tartib-taomillarini raqamlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi, shuningdek, Migratsiya agentligi vakolatxonasining 2025-yil va 2026-yilning birinchi choragidagi faoliyati natijalari haqida maʼlumot berildi.

Davra suhbati ishtirokchilariga “Megapolis” yuridik firmasining taqdimoti ham namoyish etildi.

Muhokamalar konstruktiv xarakterga ega bo‘lib, ishchan va do‘stona muhitda o‘tdi, ishtirokchilar uchrashuv natijalaridan mamnun ekanliklarini va hamkorlikni yana-da mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish