XQXQning Markaziy Osiyo mintaqaviy delegatsiyasi sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand forumining hamtashkilotchisi bo‘lishga taklif etildi
Aprel 14, 2026. 16:05 • 3 daq
• 222
TOSHKENT, 14-aprel. /“Dunyo” AA/. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi (XQXQ)ning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi rahbari Bilyana Miloshevich bilan uchrashdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Suhbat chog‘ida tomonlar xalqaro gumanitar huquq normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish masalalari yuzasidan fikr almashdi. Shuningdek, Milliy axborot byurosini tashkil etish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Jeneva konvensiyalariga muvofiq, davlatlar tinchlik davridayoq qurolli mojarolar sharoitida harbiy asirlar, tinch aholi va bedarak yo‘qolgan shaxslar to‘g‘risidagi maʼlumotlar almashinuvini taʼminlaydigan Milliy axborot byurosini tashkil etishlari yoki uning mexanizmlarini joriy etishlari shart.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi direktori Akmal Saidov mazkur byuroni tashkil etish bo‘yicha kelishuv mexanizmlarini ishlab chiqishda Milliy markaz davlat organlari va Qizil Yarim Oy jamiyati o‘rtasida bog‘lovchi bo‘g‘in sifatida faoliyat yuritishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Kun tartibidagi muhim masalalardan yana biri qonunchilik tashabbuslarini muhokama qilish bo‘ldi. Uchrashuv ishtirokchilari tashkilot faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq tartibga soluvchi “O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati to‘g‘risida”gi maxsus qonunni ishlab chiqish zarurligini qayd etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan Milliy strategiya loyihasini tayyorlashda samarali natija bergan keng ko‘lamli maslahatlashuvlar formatidan qonun loyihalarini ishlab chiqish jarayonida ham foydalanish taklifi ilgari surildi.
XQXQning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi rahbari olti hammuassis davlat (Qozog‘iston, JAR, Braziliya, Xitoy, Iordaniya va Fransiya) bilan hamkorlikda davlatlarning xalqaro gumanitar huquq normalariga rioya etish bo‘yicha siyosiy irodasini mustahkamlashga qaratilgan “Xalqaro gumanitar huquq bo‘yicha global tashabbus” haqida maʼlumot berdi.
Ayni paytda mazkur tashabbus doirasida tibbiyot va gumanitar soha xodimlarini himoya qilish, dengiz urushi, kiberxavfsizlik va xalqaro gumanitar huquq, avtonom qurol-yarog‘lar hamda milliy komissiyalarning ilg‘or tajribalari kabi bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha maslahatlashuvlar olib borilmoqda. Navbatdagi konferensiya 2026-yil dekabr oyida Iordaniyada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, XQXQning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy delegatsiyasi 2026-yil sentyabr oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan va inson huquqlari bo‘yicha ikki asosiy Pakt – Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 60 yilligiga bag‘ishlanadigan Inson huquqlari bo‘yicha V Samarqand yubiley forumining hamtashkilotchisi sifatida ishtirok etishga taklif etildi.
Tomonlar yoshlar taʼlimi va huquqiy madaniyatini oshirish masalalariga ham alohida to‘xtaldi. Jumladan, Jeneva konvensiyalari va fakultativ protokollarni o‘zbek tilida, lotin yozuvida qayta nashr etish orqali akademik muhitni zamonaviy va sifatli adabiyotlar bilan taʼminlash masalasi muhokama qilindi.
Shu bilan birga, yosh isteʼdodlarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Shu munosabat bilan, xalqaro gumanitar huquq mavzusida milliy esse tanlovini tashkil etish taklifi ko‘rib chiqildi. Ushbu tanlov yoshlarning gumanitar fanlarga qiziqishini oshirish bilan birga, g‘oliblarga mintaqaviy taʼlim platformalarida ishtirok etish imkoniyatini ham yaratadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin hamkorlikni davom ettirish mamlakatda gumanitar qadriyatlar va huquqiy standartlarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi. Ishchan va o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan uchrashuv ikki tomonlama sheriklikning yuqori darajada ekanini yana bir bor tasdiqladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi