Logo

Sun’iy intellektning tez rivojlanishi media sohasini tubdan o‘zgartirmoqda

Mart 30, 2026. 09:52 • 3 daq

239
Sun’iy intellektning tez rivojlanishi media sohasini tubdan o‘zgartirmoqda

SEUL, 30-mart. / “Dunyo” AA/. Seul shahrida “World Journalists Conference 2026” ­– Butunjahon jurnalistlar konferensiyasi o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda konferensiyada ishtirok etayotgan “Dunyo” AA muxbirlari.

Konferensiyaning birinchi sessiyasi “Demokratiya va jurnalistika chorrahada: inqiroz sharoitida OAVning roli” mavzusiga bag‘ishlandi. Unda dunyodagi asosiy muammolar – dezinformatsiyaning kengayishi, siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayishi va an’anaviy axborot manbalariga ishonch kamayishi muhokama qilinmoqda.

Sessiya moderatori, “The Korea Herald” gazetasi bosh muharriri Li Ju Xi zamonaviy inqirozlar jurnalistikaning rolini o‘zgartirib, uning demokratik institutlarni qo‘llab-quvvatlashdagi ahamiyatini yanada oshirayotganini ta’kidladi. Moderatorning fikricha, sun’iy intellektning tez rivojlanishi media sohasini tubdan o‘zgartirmoqda va bu yangi imkoniyatlar bilan birga jiddiy xavflarni ham keltirmoqda.

Muhokamalarda inqirozli vaziyatlarda OAVning o‘rni alohida qayd etildi. Bunday paytlarda jurnalistika jamiyatni xabardor qilish, shaffoflikni ta’minlash va odamlarning ishonchini saqlashda muhim vositaga aylanadi.

Germaniyalik jurnalist Feliks Lillning aytishicha, bugungi kunda eng katta muammolardan biri – jurnalistikaga bo‘lgan ishonchning pasayishi. Masalan, Germaniyada aholining taxminan 42 foizi OAVga ishonmaydi. Ko‘pchilik axborot vositalari siyosiy ta’sir ostida, deb hisoblaydi.

Nemis jurnalistining ta’kidlashicha, axborot iste’moli ham o‘zgarib bormoqda. Ayniqsa, yoshlar yangiliklarni ijtimoiy tarmoqlar, qisqa videolar va inflyuyenserlar orqali olishmoqda. Masalan, TikTok kabi platformalarda yangiliklar keng tarqalmoqda va buni inobatga olmaslik mumkin emas.

Fransiyalik muharrir Daniel Bastar esa dunyoda matbuot erkinligiga bosim ortib borayotganini aytdi. Muharrirning fikricha, ayrim davlatlarda avtoritar boshqaruv kuchayib, hatto demokratik jamiyatlarga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Jurnalistlarni “xalq dushmani” deb atash kabi holatlar OAVga bosimni kuchaytiradi.

Shuningdek, raqamli nazoratning oshishi, noaniq qonunlar va o‘z-o‘zini senzura qilish holatlari ham ko‘paymoqda. Bu esa, ko‘plab mamlakatlarda matbuot erkinligi holatining yomonlashishiga olib kelmoqda.

Janubiy Koreyalik jurnalist Kim In Chji 2024-yil dekabr oyida mamlakatda joriy etilgan harbiy holat haqida gapirdi. Uning aytishicha, bu voqea demokratiya va media tizimi uchun jiddiy sinov bo‘lgan. Bu davrda siyosiy faoliyat cheklangan, yig‘ilishlar taqiqlangan va OAV harbiy nazoratga o‘tgan. Shunga qaramay, jurnalistlar voqealarni real vaqtda yoritishda davom etgan va jamiyatni xabardor qilib turgan. Bu fuqarolik jamiyatini birlashtirishda muhim rol o‘ynagan.

“Jurnalistika nafaqat axborot tarqatishi, balki konstitutsiyaviy qadriyatlarni ham himoya qilishi kerak. Demokratiya doimiy ravishda rivojlanib boradi yoki orqaga chekishi mumkin”, – dedi Kim In Chji.

Tailandlik jurnalist Pattraporn Paybulsin bugungi dunyoda nafaqat geosiyosiy, balki axborot inqirozi ham kuzatilayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali axborot ko‘paygani bilan, uning hammasi ishonchli emas. Aksincha, noto‘g‘ri ma’lumotlar va turli siyosiy ta’sirlar kuchaymoqda. Shu bilan birga, sun’iy intellekt orqali soxta tasvir, audio va videolar yaratish imkoniyati ham xavf tug‘dirmoqda.

“Bugun urushlar faqat jang maydonida emas, balki axborot makonida ham olib borilmoqda. Shuning uchun mas’uliyatli jurnalistika juda muhim”, – dedi Pattraporn Paybulsin.

Jurnalistning qo‘shimcha qilishicha, texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, jurnalistika asosida insoniy qadriyatlar — halollik, mustaqillik va mas’uliyat turishi kerak.

Xalqaro konferensiya ishi davom etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish