Yangi Toshkentda investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratiladi
Oktabr 12, 2026. 14:59 • 5 daq
• 60
TOSHKENT, 12-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uch yil avval boshlangan Yangi Toshkent loyihasi doirasida davlat infratuzilma va muhim ijtimoiy obyektlar qurilishiga katta mablag‘ yo‘naltirmoqda. Hozirga qadar yangi shaharga 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritildi. Biroq qurilishga xususiy sektorni jalb etish sur’atlari mavjud imkoniyatlarga mos emasligi qayd etildi.
Shahar uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgan. Birinchi bosqichda 6 ming gektar maydonda 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Hozir ming gektardan ortiq maydonda asosan davlat mablag‘i hisobidan qurilish olib borilayotgan bo‘lsa, tadbirkorlarga 94 gektar yer ajratilgan.
– Yangi Toshkent faqat yangi uy-joy quriladigan hudud emas, – dedi Prezidentimiz.
Yangi shahar biznes, ta’lim, tibbiyot, turizm va xizmat ko‘rsatishni o‘ziga jalb etadigan mustaqil iqtisodiy markazga aylanishi zarur. Shu nuqtai nazardan, investorlarga ajratilgan yerlarning uchdan ikki qismi uy-joy loyihalariga to‘g‘ri kelayotgani, 28 ta lotda esa faol qurilish boshlanmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari bunday holatni investorlarda mablag‘ yoki qiziqish yo‘qligi bilan izohlash to‘g‘ri emasligini aytdi. Eskicha talablar, cho‘ziladigan ruxsat jarayonlari va ayrim idoralarning hamkor o‘rniga nazoratchi sifatida ish tutishi loyihalarga to‘siq bo‘lmoqda. Shu bois, tadbirkorga yer ajratishdan tortib, obyektni ishga tushirishgacha bo‘lgan jarayonlarni qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi.
Yil oxirigacha shaharda 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu kamida 70 ming kishi uchun yangi yashash muhitini yaratishni anglatadi. Prezidentimiz uylar bilan bir vaqtda aholiga zarur dam olish, sport, savdo, ta’lim va tibbiyot xizmatlari ham yo‘lga qo‘yilishi kerakligini ta’kidladi.
Shaharda FIFA talablariga javob beradigan 55 ming o‘rinli stadion qurilmoqda. Kelgusi yil 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionati munosabati bilan mehmonxona, ovqatlanish va ko‘ngilochar maskanlarga ehtiyojni hisoblab, tadbirkorlarga aniq investitsiya takliflarini taqdim etish topshirildi.
Yangi shaharda ishbilarmonlik muhitini shakllantirishda davlat idoralarining ko‘chishi ham muhim o‘rin tutadi. Hozir Qurilish, Transport va Energetika vazirliklari bu yerda faoliyat yuritmoqda, boshqa idoralar xodimlari uchun binolar qurilyapti. Qolgan vazirlik va davlat tashkilotlarining ham Yangi Toshkentga ko‘chishini boshlash topshirildi.
Muloqotda shaharning master rejasini amalga oshirishda investorlar tashabbusiga kengroq yo‘l ochish zarurligi qayd etildi. Shahar manfaatiga xizmat qiladigan o‘ziga xos loyihalar uchun lot maydoni yoki obyekt turini o‘zgartirish haqidagi takliflar tez va aniq mezonlar asosida ko‘rib chiqilishi kerak. Konsepsiyasi, loyiha hujjatlari va qurilish ruxsati oldindan tayyorlangan maydonlar sonini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Yirik tijorat obyektlarini jalb etish uchun ochiq tashabbus va «Swiss challenge» tamoyili asosida yer ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Bu jarayonda investor tashabbusi e’lon qilinadi va boshqa ishtirokchilar yaxshiroq shart taklif etmasa, yer dastlabki tashabbuskorga ajratiladi.
Xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy obyektlar qurilishini rag‘batlantirish maqsadida infratuzilma to‘lovlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bazaviy stavka savdo, servis va biznes markazlari uchun uch barobar, mehmonxona va turizm obyektlari uchun besh barobar, madaniyat va ko‘ngilochar maskanlar uchun o‘n barobar kamaytiriladi. Xususiy bog‘cha, maktab va shifoxonalar uchun to‘lov bir foiz etib belgilanadi. Ushbu tartib qurilishi boshlangan loyihalarga ham tatbiq etiladi.
Yangi Toshkentda «yashil bino» standartlarini qo‘llash bilan bog‘liq xarajatlarni yengillashtirish choralari ham belgilandi. Qiymati 50 million dollardan yuqori bo‘lgan noturar joy loyihalari uchun «yashil» sertifikat olish xarajatlari davlat tomonidan to‘liq qoplanadi. Investor sotib olgan har bir yer maydonining 30 foizini ko‘kalamzorlashtirish talabi bu yerda qo‘llanmaydi: shahar hududining 30 foizini yashil maydonga aylantirish bosh reja asosida davlat tomonidan ta’minlanadi.
Qiymati 50 million dollardan yuqori bo‘lgan har bir loyihaga mas’ul biriktirilib, u obyekt ishga tushguniga qadar investorga hamrohlik qiladi. Bunday loyihalar bo‘yicha alohida investitsiya bitimi tuzilib, unda tomonlarning majburiyatlari va loyihaning xususiyatlariga mos shartlar belgilanadi.
Yangi imkoniyatlardan butun mamlakat tadbirkorlari foydalanishi uchun poytaxtning har bir tumaniga va respublikaning qolgan 13 ta hududiga Yangi Toshkentdan 100 gektardan maydon biriktiriladi. Ushbu yerlar bo‘yicha dastlabki auksionda tegishli hudud tadbirkorlari ishtirok etadi.
Xorijlik investorlar uchun esa dastlabki 50 ta lot belgilandi. Ularning joylashuvi, iqtisodiy hisob-kitoblari va yaratilgan imkoniyatlar aks etgan takliflar paketi diplomatik vakolatxonalar orqali yetkaziladi. Vazirlarga ham yirik xorijiy kompaniyalar bilan uchrashuvlarda Yangi Toshkent loyihalarini taqdimot qilib borish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, Samarqand shahridagi «Shirin» massivi qurilishi ko‘rib chiqildi. Bu yerda ishlar sust borayotgani tanqid qilinib, Yangi Toshkent uchun belgilangan imtiyoz va imkoniyatlar ushbu massivga ham tatbiq etilishi belgilandi.
Prezidentimiz investorlarni mahalliy va xorijlikka ajratishga munosabat bildirar ekan, «Kapitalning, ilg‘or g‘oyaning va halol mehnatning millati yo‘q!» deb ta’kidladi. Shu ma’noda, Yangi Toshkent va «Shirin» massivi qurilishida ishtirok etayotgan har bir tadbirkor yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgani qayd etildi.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari investorlar bilan muloqot qildi, ularning taklif va tashabbuslarini tingladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi