O‘zbekistonda “Yadro fani va uning tatbiqi” XII Xalqaro konferensiyasi o‘z ishini boshladi
Oktabr 12, 2026. 14:30 • 2 daq
• 125TOSHKЕNT, 12-oktabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 12–15-oktabr kunlari Toshkent shahridagi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutida mazkur ilmiy muassasaning 70 yilligiga bag‘ishlangan “Yadro fani va uning tatbiqi” mavzusidagi XII Xalqaro konferensiya o‘z ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nufuzli anjuman O‘zbekiston va xorijdan yetakchi olimlar, mutaxassislar, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari hamda sanoat korxonalari vakillarini birlashtirdi. Anjumanning asosiy maqsadi – yadro fizikasi va zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirishning dolzarb yutuqlarini muhokama qilish, ilmiy natijalar bilan almashish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.
Tadbirda Avstraliya, Italiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Ozarbayjon, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi 10 ta xorijiy davlatdan 100 nafardan ortiq olim va mutaxassis qatnashmoqda.
Shuningdek, respublikaning turli hududlaridagi ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta’lim muassasalaridan 60 nafardan ziyod tadqiqotchilar ishtirok etmoqda. E’tiborli jihati, qatnashchilarning taxminan 45 foizini 40 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlar tashkil etadi.
Konferensiya doirasida fundamental va amaliy yadro fizikasi, yadro energetikasi, yadroviy tibbiyot, radiatsiyaviy materialshunoslik hamda aktivatsion tahlil sohalaridagi yutuqlar yuzasidan yalpi va sho‘ba majlislari o‘tkazilib, 20 dan ortiq yalpi va 140 dan ortiq ilmiy ma’ruzalar tinglanadi.
1956-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti respublika va Markaziy Osiyodagi eng yirik ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biridir. Yetmish yil davomida institut fundamental va amaliy yadro fizikasi, radiatsiyaviy fizika, radiokimyo, yadro energetikasi, yadroviy tibbiyot hamda materialshunoslik yo‘nalishlarida salmoqli natijalarga erishdi. Hozirgi kunda ilmiy ishlar VVR-SM tadqiqot yadro reaktori, siklotron, chiziqli elektron tezlatgich kabi noyob eksperimental infratuzilmalar yordamida amalga oshirilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

