Novosibirskda o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga sayyor konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi

Oktabr 18, 2026. 09:10 • 2 daq

• 70
Novosibirskda o‘zbekistonlik mehnat migrantlariga sayyor konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi

NOVOSIBIRSK, 18-oktabr. /“Dunyo” AA/. Bosh konsulxona diplomatlari tomonidan Rossiyadagi bilyard va tennis stollarini ishlab chiqarish bo‘yicha eng yirik korxonalardan birida mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan navbatdagi sayyor uchrashuv tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mazkur fabrikada turli mutaxassisliklar bo‘yicha, jumladan, sonli dasturiy boshqaruv stanoklari operatori kabi yuqori malakali mutaxassis sifatida 120 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi faoliyat yuritmoqda.

Korxona vakillarining ma’lum qilishicha, o‘zbekistonlik xodimlarga turar joy va ikki mahal issiq ovqat bepul taqdim etiladi, shuningdek, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun patent rasmiylashtirish xarajatlarining asosiy qismi ish beruvchi tomonidan qoplanadi. Bundan tashqari, fabrika rahbariyati yana 15 nafar O‘zbekiston fuqarosini qo‘shimcha ravishda ishga qabul qilishni rejalashtirmoqda.

Uchrashuv davomida Bosh konsulxona xodimlari konsullik-huquqiy masalalari bo‘yicha batafsil maslahatlar berib, Rossiya Federatsiyasi, jumladan, Novosibirsk viloyati hududida amal qiluvchi migratsiya qonunchiligi talablarini tushuntirdilar. Shuningdek, shaxsiy va yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

Vatandoshlarimiz bilan muloqot chog‘ida Bosh konsulxona va Migratsiya agentligi vakolatxonasi zarur hujjatlarni rasmiylashtirishda, ko‘zda tutilgan hollarda bir martalik moddiy yordam ko‘rsatishda hamda Novosibirsk viloyati hududida O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda doimo ko‘mak berishga tayyorligi alohida ta’kidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish