Germaniyadan munosabat: O‘zbekiston OHIChKda o‘zaro manfaatli sheriklik va barqaror rivojlanish g‘oyasini ilgari surdi

Oktabr 17, 2026. 16:30 • 2 daq

• 33
Germaniyadan munosabat: O‘zbekiston OHIChKda o‘zaro manfaatli sheriklik va barqaror rivojlanish g‘oyasini ilgari surdi

FRANKFURT-MAYN, 17-oktabr. /“Dunyo” AA/. “MÜSIAD Hessen e.V.” tadbirkorlar uyushmasi raisi o‘rinbosari, Frankfurt-Mayn shahridagi Germaniya–O‘zbekiston savdo uyi rahbari Ilyas GyujlyuO‘zbekiston Prezidentining Ozarbayjonga amaliy tashrifi va OHIChK sammitidagi ishtiroki yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga tashrifi hamda OHIChKning 7-sammitidagi ishtiroki ikki tomonlama munosabatlar, Markaziy Osiyoning iqtisodiy va geosiyosiy rivojlanishi uchun muhim ahamiyatga ega.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar sezilarli darajada faollashdi. 2026-yil avgust oyida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi, 2030-yilga borib o‘zaro savdo hajmini bir milliard AQSh dollariga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgani uzoq muddatli hamkorlik uchun qo‘shimcha zamin yaratdi.

Iqtisodiy nuqtai nazardan xalqaro transport va savdo aloqalarini rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan davlat sifatida dengiz portlariga bevosita chiqa olmaydi. Ozarbayjon esa Kaspiy dengizi sohilidagi qulay geografik joylashuvi tufayli Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa o‘rtasida muhim bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajaradi.

O‘rta yo‘lakning rivojlanishi yuk tashish, sanoat kooperatsiyasi va xalqaro investitsiyalarni jalb etish uchun keng istiqbollarni ochadi. Bu nemis ishbilarmonlarida mashinasozlik, sanoat uskunalari, energetika, xomashyo resurslari va logistika kabi sohalarga katta qiziqish uyg‘otadi.

Shu bilan birga, 28 ta ishtirokchi davlatni birlashtirgan OHIChK Osiyo makonida siyosiy muloqot va iqtisodiy hamkorlik uchun muhim maydon vazifasini o‘taydi. Xalqaro keskinlik va jahon savdo tuzilmalari o‘zgarib borayotgan bir sharoitda o‘zaro ishonch, mintaqaviy barqarorlik va ishonchli iqtisodiy sheriklik alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish