O‘zbekiston va Yaponiya transport-logistika sohasida mutaxassislarni tayyorlash va ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda

Oktabr 13, 2026. 11:00 • 2 daq

• 145
O‘zbekiston va Yaponiya transport-logistika sohasida mutaxassislarni tayyorlash va ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirmoqda

TOKIO, 13-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston fuqarolarini Yaponiyada kasb-hunarga o‘qitish va ishga joylashtirish sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Elchixonamizda “Proud Partners” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida Toshkent viloyatining Angren shahrida faoliyat yuritayotgan “Uzbekistan Proud Academy” (UPA) akademik markazi doirasidagi sheriklikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, o‘zbekistonlik yoshlarni yapon tili va zarur kasbiy ko‘nikmalarga o‘qitish, shuningdek, ularni keyinchalik Yaponiyada ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, joriy yil oktyabr oyida Yaponiyaning yirik transport-logistika kompaniyalari vakillarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur tashrif doirasida yapon ish beruvchilari “Uzbekistan Proud Academy” faoliyati va o‘quv infratuzilmasi bilan yaqindan tanishib, kelgusida Yaponiyada ishlash uchun nomzodlarni tanlab olish bo‘yicha suhbat o‘tkazadilar.

Mazkur amaliy safarlar o‘zbekistonlik fuqarolar uchun Yaponiyada ishga joylashish imkoniyatlarini sezilarli darajada kengaytirish, yapon ish beruvchilari bilan bevosita aloqalarni mustahkamlash hamda transport-logistika sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish