Vodiylik yurtdoshlarimiz Turkiyaning Balikesir viloyatida qurilish sohasida ish boshlamoqda
Oktabr 12, 2026. 11:00 • 2 daq
• 105
ISTANBUL, 12-oktabr. /“Dunyo” AA/. Turkiyadagi vatandoshlarni ish bilan ta’minlash, ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, mehnat huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda turk kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, yurtimiz diplomatik idoralari tomonidan Turkiyaning Balikesir viloyatida faoliyat yuritayotgan “Hicri Ercili” kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralar natijasida hamyurtlarimizni qurilish sohasida ish bilan ta’minlash imkoniyati yaratildi.
Mazkur yo‘nalishda Bosh konsulxona, “Hicri Ercili” kompaniyasi hamda “ADS Hukuk” yuridik firmasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida dastlabki bosqichda jami 200 nafar vatandoshimizni Turkiyaga ishga jalb etish choralari ko‘rib chiqildi.
Mazkur loyiha doirasida O‘zbekistondan qurilish sohasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun jalb qilingan fuqarolarning birinchi guruhi Istanbulga yetib kelib, Balikesir viloyatidagi ish joyiga yo‘l oldi.
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridan kelgan yurtdoshlarimizdan iborat guruh vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi. Bosh konsulxona diplomatlari ularga mahalliy qonunchilik talablariga rioya etish, mehnat shartnomalarida belgilangan huquq va majburiyatlar hamda konsullik himoyasi masalalari bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berdi.
“ADS Hukuk” yuridik firmasi bilan hamkorlikda hamyurtlarimizning ish ruxsatnomalari, ijtimoiy sug‘urta, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi, yashash va mehnat sharoitlari bilan bog‘liq hujjatlar rasmiylashtirildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi