Nukusda aholi dam olishi va tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratilmoqda

Sentabr 18, 2026. 23:18 • 2 daq

71
Nukusda aholi dam olishi va tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratilmoqda

TOSHKENT, 18-sentyabr. /»Dunyo» AA/.  Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida bugun Nukus shahridagi yangilangan ko‘cha bo‘ylab sayr qildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, shaharning G‘aresizlik, S.Kamalov va G‘.Sheraziyeva ko‘chalarida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari natijasida aholi va shahar mehmonlari uchun qulay dam olish muhiti, savdo va ko‘ngilochar maskanlarning tun-u kun faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratildi.

Bu ishlarga 2,2 milliard so‘m ajratilib, ko‘chalarning 2,5 kilometrlik qismi ta’mirlandi va infratuzilmasi yangilandi.

Piyodalar yo‘laklari barpo etilib, o‘rindiqlar va chiqindi qutilari o‘rnatildi. Hududni tungi vaqtda yoritish uchun quyosh panellari yordamida ishlaydigan energiya tejamkor chiroqlar o‘rnatildi. Yomg‘ir suvlarini oqizish va suv to‘planishining oldini olish maqsadida 1,5 kilometrlik tarmoq yangidan qurildi, mavjudlari modernizatsiya qilindi.

Yaratilgan sharoitlar tadbirkorlik faoliyatini ham jonlantirdi. Hududda 8 ta yangi tadbirkorlik subyekti ish boshladi, yana 10 tasi faoliyatini kengaytirdi. Natijada 75 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Davlatimiz rahbari ko‘cha bo‘ylab yurar ekan, odamlar bilan samimiy muloqot qildi, yurtimizda hukm surayotgan tinchlik eng qadrli ne’mat ekanligini ta’kidlab, ezgu tilaklarini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish