Ernail Koch: O‘zbekiston bilan faxrlanish hissi va uning yanada rivojlanishiga bo‘lgan ishonch bilan Turkiyaga qaytdim
Sentabr 19, 2026. 12:02 • 2 daq
• 98
ANQARA,-19-sentyabr. /»Dunyo» AA/. Turkiyalik yozuvchi Ernail Koch O‘zbekistonga qilgan safaridan so‘ng o‘z taassurotlarini Turkiyaning «Gümüşhane» mahalliy gazetasida so‘zlab berdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Muallif mahalliy aholining Turkiyadan kelgan mehmonlarga bo‘lgan samimiy va issiq munosabati haqida yozgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Biz turklarmiz, Turkiyadan keldik» deyilishi bilan o‘zbekistonliklar sayyohlarni chin dildan qutlab, ularning ziyoratlari qabul bo‘lishini tilaydilar.
Yozuvchi O‘zbekistonni qardosh mamlakat va «ochiq osmon ostidagi muzey» deb atab, turkiyaliklarga ushbu yurtga tez-tez tashrif buyurishni tavsiya etgan.
Uning ta’kidlashicha, mamlakatda madaniy va ziyorat turizmiga, islomiy yodgorliklarni qayta tiklash hamda mehmonxona sohasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Muallif so‘nggi yillarda YUNESKO, Turkiya va boshqa davlatlar ko‘magida ziyorat turizmiga 4 milliard dollargacha investitsiya kiritilganini qayd etgan.
Yozuvchi keng va ozoda yo‘llar, yetarli darajadagi avtoturargohlar va sanitariya-gigiyena shoxobchalari hamda tizimli yo‘lga qo‘yilgan temir yo‘l qatnovini e’tirof etgan. Shu bilan birga, u o‘z kuzatuvlariga tayanib, internet infratuzilmasi hozircha muayyan cheklovlarga ega ekanini bildirgan.
Safar davomida muallif Ibn Sino, Xorazmiy, Mahmud Zamaxshariy va Beruniy kabi buyuk allomalarning asarlari saqlanayotgan muzeyda bo‘lgan. Shuningdek, u quyosh energetikasi obyektlari qurilishi, sanoat va qishloq xo‘jaligi rivojiga ham e’tibor qaratgan.
Yozuvchi oliy ta’lim tizimining kengayayotganini alohida ta’kidlagan. Misol tariqasida Buxoroni keltirib, yangi davlat va xususiy oliy o‘quv yurtlarining ochilishi evaziga universitetlar soni 3 tadan 21 taga yetganini qayd etgan.
Yozuvchi o‘z safarnomasini yakunlar ekan, «XXI asr Turkiy dunyo asri bo‘ladi», deya qayd etgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi