Yuliya Abuxovich: Belarus O‘zbekistonni Markaziy Osiyo va yon-atrofdagi boshqa mintaqalar bozoriga chiqishda muhim platforma sifatida ko‘rmoqda

Sentabr 19, 2026. 12:30 • 2 daq

71
Yuliya Abuxovich: Belarus O‘zbekistonni Markaziy Osiyo va yon-atrofdagi boshqa mintaqalar bozoriga chiqishda muhim platforma sifatida ko‘rmoqda

MINSK,-19-sentyabr. /»Dunyo» AA/. Belarus yetakchi «News.by» axborot kanalida iqtisodiy tahlilchi Yuliya Abuxovich O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarning hozirgi holati bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tahlilchining so‘zlariga ko‘ra, tovar aylanmasining keyingi o‘sishi uchun yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish muhimdir.

Qayd etilishicha, Belarus o‘zbekistonlik hamkorlarga mashinasozlik, ta’lim, tibbiyot, biotexnologiya va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi tajribasini taklif etmoqda. O‘z navbatida, Belarus tomoni uchun O‘zbekistonning paxtachilik, meva-sabzavotchilik va yengil sanoat sohasidagi imkoniyatlari katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Agrar sohada ham salmoqli salohiyat saqlanib qolmoqda. Belarus chorvachilik uchun yechimlarni taklif etmoqda, shu jumladan o‘zbekistonlik hamkorlar uchun sharoitlar yaratib, loyihalarni amalga oshirish uchun obyektlar ajratmoqda.

Ekspertning ma’lum qilishicha, ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar aylanmasi 1 milliard dollarga yetdi. O‘zbekiston yetakchisining Belarusga amalga oshirgan tarixiy tashrifidan so‘ng o‘zbekistonlik tadbirkorlar ushbu mamlakatning turli hududlarida 50 dan ortiq yangi korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazdi va ularning umumiy soni 150 tadan oshdi.

Joriy yilning 7–8-iyul kunlari Minsk shahrida bo‘lib o‘tgan III Belarus-O‘zbekiston hududlararo forumida O‘zbekistondan 200 dan ortiq tadbirkor ishtirok etdi, erishilgan kelishuvlarning umumiy qiymati esa 1,5 milliard dollardan oshdi.

Ekspertning baholashicha, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish evaziga tovar aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish mumkin.

«Biz bunday hajmlarga faqat yuqori qo‘shilgan qiymatga ega murakkab mahsulotlar savdosi orqali erishishimiz mumkin», — dedi Yuliya Abuxovich.

Ikki mamlakat o‘rtasida Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi Deklaratsiyaning imzolanishi o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratgani hamda hamkorlikning uzoq muddatli maqsadlari va aniq yo‘nalishlarini belgilab bergani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, Belarus O‘zbekistonni Markaziy Osiyo va yon-atrofdagi boshqa mintaqalar bozoriga chiqishda muhim platforma sifatida ko‘rmoqda. Xususan, qo‘shma korxonalar imkoniyatlaridan foydalangan holda Belarus texnikasini Afg‘oniston va mintaqaviy bozorlarga yetkazib berish istiqbollari o‘rganilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish