Pokistonda O‘zbekiston bilan qo‘shma biznes-loyihalarni rivojlantirish tashabbusi taqdim etildi

Oktabr 11, 2026. 11:30 • 2 daq

• 119
Pokistonda O‘zbekiston bilan qo‘shma biznes-loyihalarni rivojlantirish tashabbusi taqdim etildi

ISLOMOBOD, 11-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Pokiston poytaxtida «4th SES Diplomatic Network–2026» forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Forumi doirasida O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati, shuningdek, «Pakistan–Uzbekistan Business Exchange – 2027» tashabbusi keng jamoatchilikka tanishtirildi.

Mazkur tadbirda Pokiston hukumati va parlamenti vakillari, O‘zbekiston, Ozarbayjon, JAR, Sudan va Eron elchilari, BMT hamda boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashdi.

«O‘zbekiston–Pokiston biznes almashinuvi – 2027» tashabbusi ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, o‘zaro biznes-missiyalarni tashkil etish, savdo va investitsiya imkoniyatlarini targ‘ib qilish hamda savdo-sanoat palatalari va tegishli institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev loyihaning amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlab, uning B2B formatidagi bevosita uchrashuvlarni tashkil etish, istiqbolli investitsiya loyihalarini belgilash va qo‘shma korxonalar barpo etishdagi ulkan salohiyatini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjud.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida to‘qimachilik sanoati, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, charm buyumlari va sport anjomlarini ishlab chiqarish, qurilish materiallari, metallurgiya, tog‘-kon sanoati, geologiya, kimyo sanoati, qayta tiklanadigan energetika, axborot texnologiyalari, logistika, turizm va ko‘chmas mulk sohalari qayd etildi.

Tadbirda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi infratuzilmaviy aloqalarni rivojlantirish hamda mintaqaviy transport yo‘laklarini takomillashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi pokistonlik tadbirkorlar, tegishli vazirliklar, investitsiya institutlari, savdo-sanoat palatalari, hududiy ma’muriyatlar va o‘zbek kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni o‘rnatishga, shuningdek, Pokiston delegatsiyalarining O‘zbekistonga tashriflarini tashkil etishga ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha savdo-sanoat palatalari va xususiy sektor vakillari o‘rtasida muntazam aloqalarni faollashtirish, hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash hamda aniq biznes-loyihalar va tashabbuslarni amaliy tatbiq etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish