Belarus nashrlari O‘zbekistonning MDHga raisligini muhim qadam sifatida baholamoqda

Oktabr 11, 2026. 12:00 • 2 daq

• 83
Belarus nashrlari O‘zbekistonning MDHga raisligini muhim qadam sifatida baholamoqda
Belarus nashrlari O‘zbekistonning MDHga raisligini muhim qadam sifatida baholamoqda

MINSK, 11-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Belarus ommaviy axborot vositalari O‘zbekistonning 2027-yil 1-yanvardan boshlab Hamdo‘stlikka raislik qilishi haqida yozmoqda, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

«BELTA» axborot agentligi va «SB. Belarus segodnya» gazetasi Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning so‘zlaridan iqtibos keltirdi. U O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga raislikni qabul qilishga rozilik bergani uchun minnatdorlik bildirib, mazkur missiya muvaffaqiyatli bajarilishiga ishonch bildirgan.

«BELTA» nashrida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston hamkorlikning amaliy natijalariga, jumladan, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, o‘zaro investitsiyalarni kengaytirish, savdo to‘siqlarini bartaraf etish, shuningdek, transport, xavfsizlik, fan, ta’lim va innovatsiyalar sohalaridagi sheriklikka asosiy e’tibor qaratish niyatida.

Belorus nashrlari, shuningdek, Minsk va Toshkentning MDHni rivojlantirish borasidagi yondashuvlari mos kelishini ta’kidlab, deklaratsiyalardan savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va fuqarolar farovonligini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarga o‘tish muhimligiga e’tibor qaratdi.

Bundan tashqari, MDH bosh kotibi Sergey Lebedevning so‘zlariga tayanib, Hamdo‘stlik Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2027-yil 8–9-oktyabr kunlari Buxoro shahrida bo‘lib o‘tishi haqida xabar berildi.

O‘zbekistonning bo‘lajak raisligi belorus ommaviy axborot vositalari tomonidan MDH davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik, sanoat kooperatsiyasi va ilmiy-texnologik sheriklikka qo‘shimcha turtki berish imkoniyati sifatida baholanmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish