Bishkekdan munosabat: O‘zbekiston tashabbuslari Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirishga qaratilgan
Oktabr 11, 2026. 12:30 • 3 daq
• 77
BISHKEK, 11-oktyabr. /«Dunyo» AA/. Qirg‘iziston Jahon siyosati instituti direktori Sheradil Baktigulov «Dunyo» axborot agentligiga bergan intervyusida O‘zbekiston Prezidentining 7–9-oktyabr-kunlari Turkmanistonga amaliy tashrifi xususida fikr bildirdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyev 2016-yilda lavozimga kirishishi bilanoq Markaziy Osiyoni O‘zbekiston tashqi siyosatining bosh ustuvor yo‘nalishi deb e’lon qildi. U-2017-yilda mintaqa davlatlari rahbarlarining umumiy muammolarni hal etish maydoniga aylangan Maslahat uchrashuvlarini muntazam o‘tkazib turishni taklif etdi. 2026-yil 8-oktyabr kuni Turkmanistonda Ozarbayjon ishtirokida bo‘lib o‘tgan sakkizinchi uchrashuv mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishning navbatdagi bosqichi bo‘ldi.
So‘nggi o‘n yillikda Markaziy Osiyo o‘zaro ishonchsizlikdan yaqin hamkorlik sari yo‘lni bosib o‘tdi. Hududiy nizolar bartaraf etildi, chegara o‘tkazish punktlari ochildi, transport qatnovi qayta tiklandi hamda suv-energetika sohasidagi hamkorlik mustahkamlandi. Ozarbayjonning 2025-yil noyabr oyida ushbu formatga qo‘shilishi muhim qadam bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev buni «Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz o‘rtasida mustahkam ko‘prik barpo etish» deya ta’kidladi.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘zaro yaqinlashuv samarasini yaqqol aks ettirmoqda. 2026-yilning yanvar–avgust oylarida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 26,2 foizga o‘sib, 6,1 milliard AQSH dollaridan oshdi. 2025-yilda mintaqa davlatlarining o‘zaro savdo aylanmasi 12,3 milliard dollarga yetdi. Bu besh yil oldingi ko‘rsatkichdan deyarli ikki barobar ko‘pdir. Format kengayganidan so‘ng savdo hajmini 20 milliard dollarga yetkazish maqsadi qo‘yildi.
Navbatdagi bosqich – yetakchilarning muntazam uchrashuvlaridan hamkorlikning barqaror institutsional modeliga o‘tishdir. Prezident Shavkat Mirziyoyev maslahatlashuv mexanizmini «Markaziy Osiyo hamjamiyati» strategik formatiga o‘zgartirish, kotibiyat tuzish va uchrashuvlar reglamentini ishlab chiqishni taklif qildi.
Shu bilan birga, iqtisodiyot sohasida 2035-yilgacha bo‘lgan savdo rejasi, qo‘shma investitsiyalar va elektron tijoratni rivojlantirish asosiy ustuvor yo‘nalishlarga aylandi.
Yana bir strategik yo‘nalish – Markaziy Osiyoni Yevroosiyoning muhim transport xabiga aylantirishdir. Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li, Transafg‘on yo‘lagi va Transkaspiy marshruti shular jumlasidandir. Yuk tashishni tezlashtirish maqsadida O‘zbekiston transchegaraviy tartib-taomillarni soddalashtirishga xizmat qiluvchi «Raqamli bojxona va logistika alyansi»ni tuzishni taklif etdi.
Mintaqaviy kun tartibi xavfsizlik, suv resurslari va madaniy hamkorlik masalalarini ham qamrab olgan. 2025-yilda ilgari surilgan 2026–2036-yillarni «Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi» tashabbusi suv taqchilligi muammosini hal etishga yo‘naltirilgan. Shu bilan birga, O‘zbekiston transmilliy tahdidlarga qarshi kurashni muvofiqlashtirish va umumiy madaniy makonni mustahkamlash, jumladan, islom sivilizatsiyasi merosini ommalashtirish tarafdori hisoblanadi.
Davlatlar o‘rtasidagi farqlarga qaramay, olib borilayotgan siyosat Yangi Markaziy Osiyo – mintaqaviy vazifalarni birgalikda hal etish va keng ko‘lamli loyihalarni ro‘yobga chiqarishga qodir mamlakatlar hamjamiyatini shakllantirishga qaratilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi