Pokistonda “O‘zbekiston madaniyati haftaligi” va “O‘zbek kinosi kunlari” o‘tkaziladi

Iyun 12, 2026. 09:30 • 3 daq

16
Pokistonda “O‘zbekiston madaniyati haftaligi” va “O‘zbek kinosi kunlari” o‘tkaziladi

ISLOMOBOD, 12-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev, Kinematografiya agentligi direktori Shuhrat Rizayev, madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazbek Tajixanov hamda Pokiston axborot va radioeshittirish vaziri Ataulla Tarar o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqot chog‘ida madaniy-gumanitar sohadagi O‘zbekiston–Pokiston hamkorligini yanada rivojlantirish, ikki davlat rahbarlari darajasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. 

Xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va merosiga bag‘ishlangan badiiy filmni hamkorlikda suratga olish, axborot almashinuvini kengaytirish, ommaviy kommunikatsiyalar hamda media sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Vazir Ataulla Tarar 2025-yil fevral oyida Toshkentda va 2026-yil fevral oyida Islomobodda oliy darajada o‘tkazilgan muzokaralar davomida erishilgan kelishuvlarni eslab, Pokiston Bosh vaziri O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflarning amaliy ijrosiga alohida e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.

Shu munosabat bilan, u ikki qardosh xalqni o‘zaro bog‘lab turuvchi umumiy tarix, boy madaniy meros va mushtarak qadriyatlar haqida keng jamoatchilikning xabardorligini oshirish maqsadida Zahiriddin Muhammad Bobur haqida film yaratish loyihasini tezlashtirish muhimligini qayd etdi. Shuningdek, Pokiston tomoni mamlakatda “O‘zbekiston madaniyati haftaligi”ni yuqori saviyada tashkil etishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

“Biz Bobur haqidagi filmni suratga olish hamda Pokistonda “O‘zbekiston madaniyati haftaligi”ni tashkil etish ishlarini jadallashtirish maqsadida alohida qo‘shma ishchi guruhlar tuzishni taklif etamiz. Ushbu ishchi guruhlar qisqa muddatda aniq vazifalar va amaliy chora-tadbirlar rejasini kelishib olishlari lozim”, dedi Ataulla Tarar.

Muzokaralar chog‘ida ikki mamlakatning tegishli vazirliklari rahbariyati darajasida alohida uchrashuv tashkil etish, qo‘shma ishchi guruhlar faoliyati natijalarini muhokama qilish hamda Bobur haqidagi filmni suratga olish bilan bog‘liq tashkiliy va texnik masalalarni yakunlash yuzasidan ham fikr almashildi. Shu maqsadda joriy yil avgust oyida o‘zbekistonlik mutaxassislar delegatsiyasining Pokistonga tashrifini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Tomonlar Pokistonda joriy yilning noyabr–dekabr oylarida “O‘zbekiston madaniyati haftaligi” va “O‘zbek kinosi kunlari”ni o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, mazkur madaniy tadbirlar doirasida Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan filmning ilk namoyishini tashkil etish muhimligi ta’kidlandi.

Muzokaralar yakunida tomonlar madaniy-gumanitar aloqalarni yanada faollashtirish, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni izchil davom ettirishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish