“India Blooms” AA: Toshkent Markaziy Osiyoning yangi investitsiya arxitekturasini shakllantirmoqda
Iyun 11, 2026. 12:00 • 2 daq
• 74
DEHLI, 11-iyun. /“Dunyo” AA/. Hindistonning “India Blooms” axborot agentligi V Toshkent xalqaro investitsiya forumiga (TIIF-2026) bag‘ishlangan maqola chop etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Elektron nashr yaqinlashib kelayotgan forumni butun mintaqaning amaliy investitsiya kun tartibi shakllanadigan makon sifatida tavsiflagan.
Agentlikning qayd etishicha, TIIF-2026 O‘zbekistonning Markaziy Osiyo iqtisodiy rivojlanishining uzoq muddatli qoidalari va yo‘nalishlarini belgilab berishga qodir bo‘lgan “mintaqaviy investitsiya xabi” sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi. “Forum real investitsiyaviy yechimlarni ishlab chiquvchi barqaror mexanizmga aylandi”, deb yozgan muallif.
“India Blooms” 2025-yildagi forum natijalari mazkur tadbir rivojlanishning yangi bosqichiga o‘tganini yaqqol namoyish etganini ta’kidlaydi. TIIF-2025da 100 ga yaqin mamlakatdan 8 mingdan ortiq delegat ishtirok etgani va imzolangan investitsiya bitimlarining umumiy hajmi 30,5 milliard AQSh dollariga yetganligiga e’tibor qaratilgan.
Agentlik ishtirokchilar sonining ortib borayotgani, geografiyaning kengayayotgani va tuzilgan bitimlar hajmining o‘sayotgani xalqaro biznesning O‘zbekiston investitsiya muhitiga bo‘lgan ishonchi sezilarli darajada mustahkamlanganidan dalolat berishini urg‘ulagan.
Nashrda forumning amaliy ahamiyatiga alohida e’tibor qaratilgan. TIIF-2026 davlat va hukumat rahbarlaridan tortib xalqaro moliya institutlari, suveren fondlar va yirik korporatsiyalar vakillarigacha bo‘lgan muhim iqtisodiy va siyosiy qaror qabul qiluvchi shaxslar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish imkonini beradi.
“India Blooms” bahosiga ko‘ra, forum doirasida davlat, investorlar va biznes yagona makonda jamlanadigan noyob muhit shakllanadi, bu esa umumiy muhokamalardan hamkorlikning aniq formatlariga o‘tish imkonini taqdim etadi.
Elektron manba bo‘lajak forumning yuqori vakillik maqomini, jumladan, Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va ko‘p tomonlama rivojlanish banklari, shuningdek, suveren fondlar va eksport-kredit agentliklari yetakchilari ishtirokini qayd etgan. “India Blooms” bunday tarkib O‘zbekistondagi izchil islohotlar, global moliya institutlari va xususiy kapital o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlikni ta’minlashini ta’kidlagan.
Maqolada Toshkent xalqaro investitsiya forumi mintaqaviy iqtisodiy rivojlanish tuzilmasiga ta’sir ko‘rsatadigan amaliy investitsiya ekotizimiga uzil-kesil aylangani qayd etilgan.
Hindiston axborot agentligining baholashicha, TIIF-2026 O‘zbekistonning global investitsiya arxitekturasidagi rolini mustahkamlash va uning xalqaro kapital bozorlariga integratsiyalashuvini yana-da kengaytirishning navbatdagi bosqichi hisoblanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi