O‘zbekiston va Irkutsk o‘rtasida yangi iqtisodiy loyihalar amalga oshiriladi

Iyun 12, 2026. 09:00 • 2 daq

101
O‘zbekiston va Irkutsk o‘rtasida yangi iqtisodiy loyihalar amalga oshiriladi

IRKUTSK, 12-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Novosibirskdagi bosh konsuli Aslam Akbarov va Irkutsk viloyati gubernatori Igor Kobzev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tomonlar savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi. 

Igor Kobzevning so‘zlariga ko‘ra, Irkutsk viloyatining O‘zbekiston bilan munosabatlari tizimli sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Buni tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi va qo‘shma investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi bilan ham ko‘rish mumkin.

Muzokaralar chog‘ida Irkutskda Andijon viloyati meva-sabzavot va to‘qimachilik mahsulotlari uchun ulgurji-chakana baza tashkil etish bo‘yicha tegishli taklif va tashabbuslar bildirildi. O‘zbekistonga qoramol yetkazib berish orqali chorvachilikni rivojlantirish loyihasini amalga oshirish hamda Irkutsk viloyatidan yog‘och-taxta materiallarini to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Rossiya tomoni Termiz shahridagi “Ayritom” EIZ hududida Irkutsk viloyati ishlab chiqaruvchilari tovarlarining ko‘rgazma zalini ochish taklifini qo‘llab-quvvatladi. 

2025-yil yakunlariga ko‘ra, Irkutsk viloyati va O‘zbekiston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 44 foizga oshib, 180 million dollarga yetdi. O‘zbekiston mintaqadagi eksport yo‘nalishlari orasida to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Yetkazib berishning asosini yog‘och materiallari, sellyuloza, alyuminiy, dori-darmonlar va mashinasozlik mahsulotlari tashkil etadi.

Ayni paytda O‘zbekiston ishtirokida gidravlik uskunalar, ulgurji savdo va sellyuloza-karton ishlab chiqarish sohalarida umumiy qiymati 12 million dollarlik uchta investitsiya bitimi amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Irkutsk kompaniyalari umumiy qiymati 112 million dollarlik 11 ta yangi loyihani ishlab chiqmoqda.

Rossiya tomoni o‘zbekistonlik fermerlar tomonidan Irkutsk viloyati hududida issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Shu bilan birga, mintaqadagi oltin qazib olish korxonalarida ishlash uchun o‘zbekistonlik mutaxassislarni jalb qilishga qiziqish bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish