O‘zbekistonlik o‘quvchilar o‘rtasida Pokistonda “Xorijdagi vatandoshlar diktanti” mavzusida tanlov o‘tkazildi
Noyabr 12, 2026. 15:00 • 3 daq
• 11ISLOMOBOD, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. Pokiston poytaxtidagi “Westminster Islamabad” maktabida tahsil olayotgan vatandosh o‘quvchilar ishtirokida “Xorijdagi vatandoshlar diktanti” mavzusida o‘zbek tilida diktant yozish bo‘yicha tanlov o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Loyihadan ko‘zlangan maqsad xorijda istiqomat qilayotgan yosh avlod vakillari o‘rtasida ona tilimiz – o‘zbek tiliga bo‘lgan mehr va hurmatni kuchaytirish, o‘zbek tilining boy imkoniyatlarini namoyon etish, yozma nutq va imlo savodxonligini oshirish, shuningdek, milliy o‘zlik va Vatanga daxldorlik tuyg‘ularini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tanlov O‘zbekiston elchixonasi va “Westminster Islamabad” maktabi o‘qituvchisi, vatandoshimiz Elza Amirova tomonidan tashkil qildi. U o‘quvchilarning diktant yozish jarayonini kuzatdi va ularning ishlarini imlo qoidalari, tinish belgilaridan to‘g‘ri foydalanish, so‘zlarning yozilishi va matn mazmunini to‘g‘ri anglash mezonlari asosida baholadi.
Tanlov davomida o‘quvchilar o‘zbek tilidagi matnni diqqat bilan tinglab, uni yozma ravishda ifoda etishga harakat qildilar. Ayniqsa, xorijda ta’lim olayotgan farzandlarimizning o‘zbek tilidagi bilim va ko‘nikmalarini sinab ko‘rishi, o‘zbek tilida erkin fikrlash va savodli yozishga intilishi tanlovning ahamiyatini yanada oshirdi.
Tanlov yakunida ishtirokchilarning ishlari tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan imloviy va uslubiy xatolar yuzasidan tushuntirishlar berildi. Xususan, vatandosh o‘quvchilarga o‘zbek tilining imlo me’yorlariga rioya qilish, kitob mutolaasiga ko‘proq e’tibor qaratish va yozma nutqni muntazam rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar bildirildi.
“Xorijda yashash va ta’lim olish farzandlarimizning o‘zbek tiliga bo‘lgan mehrini susaytirmasligi kerak. Aksincha, qayerda bo‘lmaylik, o‘z tilimizni, milliy qadriyatlarimizni va madaniyatimizni asrab-avaylash har birimizning burchimizdir, – dedi tanlov tashkilotchisi Elza Amirova. – Bugungi tanlovda o‘quvchilarimizning o‘zbek tilida diktant yozishga bo‘lgan qiziqishi, mas’uliyati va intilishi meni juda quvontirdi. Albatta, ayrim o‘quvchilarda imlo va tinish belgilari bilan bog‘liq kamchiliklar kuzatildi. Biroq bu tabiiy holat. Muhimi, ular o‘z bilimlarini sinab ko‘rishga harakat qildilar, xatolarini angladilar va ular ustida ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar”.
Tanlov yakunida har bir o‘quvchining ishi nafaqat xatolar soni, balki uning intilishi, diqqati va ona tiliga bo‘lgan munosabatini ham hisobga olgan holda baholandi. Zero, tilni o‘rganish – bu faqat savodxonlik emas, balki milliy o‘zligini asrash demakdir.
“Westminster Islamabad” maktabida tashkil etilgan mazkur tashabbus xorijdagi vatandoshlar o‘rtasida o‘zbek tilini asrab-avaylash, targ‘ib qilish va xorijdagi yurtdoshlarimiz hamjihatligini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



