Belarus poytaxtida IV Minsk Yevroosiyo xavfsizligi xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

Noyabr 12, 2026. 14:30 • 2 daq

• 79
Belarus poytaxtida IV Minsk Yevroosiyo xavfsizligi xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi

MINSK, 12-noyabr. /“Dunyo” AA/. Belarus poytaxtida bo‘lib o‘tgan IV Minsk Yevroosiyo xavfsizligi xalqaro konferensiyasi zamonaviy geosiyosiy vaziyat, xalqaro munosabatlardagi inqirozlar hamda yangi xavfsizlik arxitekturasini shakllantirish masalalariga bag‘ishlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Dunyoning 50 ga yaqin davlatidan 800 nafardan ortiq siyosatchi, diplomat va xalqaro ekspertni birlashtirgan anjumanda an’anaviy xalqaro xavfsizlik mexanizmlari o‘z dolzarbligini yo‘qotayotgani ta’kidlandi. Ishtirokchilar texnologik, iqtisodiy va mudofaa sohalarida teng huquqlilikka asoslangan yangi qoidalarni ishlab chiqish zarurligini qayd etdi.

Forumda “XXI asrda xilma-xillik va ko‘p qutblilikning Yevroosiyo xartiyasi” konsepsiyasi ilgari surildi. Ushbu tashabbus davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, xavfsizlik tamoyillarini huquqiy jihatdan mustahkamlash, qurollanish ustidan nazorat, sun’iy intellekt hamda kiberxavfsizlik masalalarida birgalikda harakat qilishga qaratilgan.

Tadbirda ShHT, MDH kabi tuzilmalar rahbariyati va YXHT vakillari ishtirok etib, xalqaro miqyosdagi muloqotni tiklash yo‘llarini muhokama qildi.

Anjumanda qatnashgan o‘zbekistonlik siyosatshunos, “Ma’no” tadqiqot tashabbuslari markazi direktori Baxtiyor Ergashev “Belarus 24” telekanaliga intervyu berib, konferensiyada muhokama qilingan texnologiya, mudofaa va iqtisodiyot sohalaridagi global muammolar hamda geosiyosiy keskinlik nuqtalarini kamaytirish mexanizmlari bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Minskda o‘tkazilgan konferensiya Yevroosiyo makonida xavfsizlikni ta’minlash barcha davlatlarning manfaatlarini hisobga oluvchi ochiq muloqot va umumiy mas’uliyat orqali amalga oshishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish