Pekinda “Ipak yo‘li yoshlari: O‘zbekiston” hujjatli filmi premerasi bo‘lib o‘tdi

Sentabr 25, 2026. 19:30 • 2 daq

• 99
Pekinda “Ipak yo‘li yoshlari: O‘zbekiston” hujjatli filmi premerasi bo‘lib o‘tdi
Pekinda “Ipak yo‘li yoshlari: O‘zbekiston” hujjatli filmi premerasi bo‘lib o‘tdi
Pekinda “Ipak yo‘li yoshlari: O‘zbekiston” hujjatli filmi premerasi bo‘lib o‘tdi
Pekinda “Ipak yo‘li yoshlari: O‘zbekiston” hujjatli filmi premerasi bo‘lib o‘tdi

PЕKIN, 25-sentabr. /“Dunyo” AA/. Pekinda O‘zbekiston va Xitoy xalqlari o‘rtasida madaniy yaqinlashuv va do‘stlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan “Ipak yo‘li yoshlari: O‘zbekiston” hujjatli filmining premerasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Film O‘zbekistonning Pekindagi elchixonasi ko‘magida Xitoy xalqaro kommunikatsiyalar guruhi (CICG)ning “Dolphin Books” nashriyoti bilan hamkorlikda yaratildi.

Premerada CICG, Xitoy energetika muhandislik korporatsiyasi (CEEC), O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi, O‘zbekiston elchixonasi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy qadimdan Ipak yo‘lidagi muhim sheriklar ekani, o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirishda yoshlar muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda ommaviy axborot vositalarining roliga alohida e’tibor qaratildi. Film premerasi O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklikning yana bir dalili sifatida baholandi.

Hujjatli filmda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yoshlar hikoyalari orqali yoritilgan. Shu bilan birga, filmda yoshlarning kundalik hayoti, sheriklikdagi mehnati va o‘z maqsadlarini amalga oshirishga intilishlari ko‘rsatilgan.

“Ipak yo‘li yoshlari: O‘zbekiston” hujjatli filmi ikki qismdan iborat. “Nurga yo‘l” deb nomlangan birinchi qism Xitoy energetika muhandislik korporatsiyasining O‘zbekistondagi yangi loyihalari, xitoylik yosh muhandislar va CEECning o‘zbekistonlik xodimlari faoliyatiga bag‘ishlangan.

“Orzular qaytadigan joy” nomli ikkinchi qismda Xitoyda tahsil olayotgan va tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan o‘zbekistonlik talabalar, ularning o‘z reja va orzularini amalga oshirishga bo‘lgan intilishlari haqida hikoya qilinadi.

Shuningdek, filmda ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy almashinuv, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan.

Rasmiy premeradan so‘ng hujjatli film O‘zbekiston va Xitoy telekanallari hamda ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etilishi ma’lum qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish