Abdusamad Haydarov: Mustaqillik O‘zbekistonning milliy taraqqiyoti va xalqaro nufuzini taʼminlovchi manbaga aylandi
Sentabr 09, 2026. 13:00 • 3 daq
• 146
TOSHKENT, 9-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti huzuridagi Diplomatik akademiya direktori, Erondagi sobiq elchi, professor Abdusamad Haydarov “Pravda Vostoka” gazetasiga intervyu berib, mustaqillikning 35 yili davomida yurtimizda amalga oshirilgan islohotlar haqida fikr bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimizning Erondagi sobiq elchisi intervyu davomida tashqi siyosat yo‘nalishidagi o‘zgarishlar, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning mustahkamlanishi hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi tobora yuksalib borayotganini alohida taʼkidlagan.
Professorning so‘zlariga ko‘ra, mustaqillik yillarida mamlakatimizda davlatchilikning mustahkam institutsional poydevori shakllantirildi. Milliy boshqaruv, moliya va bank ishi tizimlari yaratildi. Ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotiga asos solinib, mudofaa qobiliyati va milliy xavfsizlik mustahkamlandi.
Shu bilan birga, 2016-yildan so‘ng O‘zbekiston keng ko‘lamli tizimli islohotlar, iqtisodiyotni liberallashtirish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va tashqi siyosatni faollashtirishga asoslangan yanada jadal va ochiq rivojlanish modeliga o‘tdi.
O‘zgarishlarning eng muhim natijalaridan biri tashqi siyosat yo‘nalishi mohiyatining o‘zgarishi bo‘ldi. O‘zbekiston tashqi siyosati yanada ochiq, pragmatik, konstruktiv va proaktiv tusga ega bo‘ldi. Uning negizida siyosiy muloqot, o‘zaro manfaatli hamkorlik, yaxshi qo‘shnichilik va mamlakatning iqtisodiy manfaatlarini ilgari surish tamoyillari belgilandi.
Diplomatiyaning asosiy vazifalari qatorida suverenitetni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni saqlash, muvozanatli strategik sheriklik tizimini rivojlantirish hamda O‘zbekistonning xalqaro tashabbuslarini ilgari surish belgilab berildi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan Markaziy Osiyoga alohida eʼtibor qaratilgan. Olim taʼkidlaganidek, so‘nggi yillarda qo‘shni mamlakatlar bilan barcha sohada munosabatlar sezilarli darajada mustahkamlanib, tobora kengaymoqda.
Akademiya direktori mintaqa mamlakatlari o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot mexanizmini yaratgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlarining o‘rnini alohida qayd etgan. Bunday uchrashuvlarning o‘tkazilishi mintaqaviy hamkorlik hamda Markaziy Osiyo xavfsizligi, barqarorligi va umumiy masʼuliyatni anglashni shakllantirishga yordam bermoqda.
Muloqotning alohida bir qismi O‘zbekistonning tashqi aloqalari geografiyasini kengaytirishga bag‘ishlangan. Professor taʼkidlaganidek, Rossiya va Xitoy bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, energetika va transport sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish barobarida AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan ham aloqalar kengayib bormoqda.
Professor O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni yuksalib borayotganini taʼkidlab, mamlakatning yanada tashabbuskor ko‘p tomonlama diplomatiyaga o‘tayotganini qayd etgan. Yurtimiz BMT hamda boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida o‘z tashabbuslarini faol ilgari surmoqda.
Abdusamad Haydarov mustaqillikning 35 yillik davrida davlat suverenitetining izchil mustahkamlanishi, O‘zbekistonning xalqaro maydonda o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘layotganini eng asosiy yutuqlar sifatida eʼtirof etgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi