Yoxann Zaatxoff: O‘zbekiston Germaniya va Yevropaning Markaziy Osiyodagi muhim sherigiga aylanmoqda
Sentabr 09, 2026. 12:00 • 3 daq
• 161
BERLIN, 9-sentabr. /“Dunyo” AA/. Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot federal vazirligi (BMZ) parlament davlat kotibi Yoxann Zaatxoff “Dunyo” axborot agentligi orqali O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtdoshlarimizga tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi.
– So‘nggi yillarda O‘zbekiston sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi. Kasb-hunar taʼlimi, bandlik, davlat boshqaruvi va ijtimoiy himoya sohalaridagi islohotlar mamlakat taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bunday keng ko‘lamli o‘zgarishlar samarasini to‘liq ko‘rsatishi uchun vaqt va zarur sharoitlar kerak, albatta. Tabiiy resurslardan barqaror foydalanish, huquqiy davlat institutlarini mustahkamlash va iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik har ikki mamlakat uchun muhim bo‘lgan istiqbolli yo‘nalishlarga qaratilgan. Jumladan, resurslarni boshqarish sohasida BMZ suvdan samarali foydalanish uchun zarur infratuzilmani rivojlantirish va texnik jihozlashga ko‘maklashmoqda. Iqlim o‘zgarishi kuchayib borayotgan sharoitda suv resurslaridan foydalanish tizimini Markaziy Osiyoning ekologik talablariga moslashtirish ayniqsa muhim.
O‘zbekiston yoshlariga kasb o‘rgatish jarayonida ishtirok etayotganimizdan mamnunmiz. Bu yo‘nalishda xususiy sektor bilan yaqin hamkorlik qilmoqdamiz. Dual va amaliyotga yo‘naltirilgan kasb-hunar taʼlimi dasturlarini ishlab chiqmoqdamiz. Yosh mutaxassislarni tayyorlaydigan korxonalar uchun moliyaviy rag‘batlantirish mexanizmlarini yaratmoqdamiz. Yoshlarga kasb tanlash, professional yo‘nalishini belgilash va mehnat faoliyatini rejalashtirish bo‘yicha maslahat xizmatlarini ham taklif qilyapmiz.
Mintaqaviy hamkorlikka asoslangan yondashuv Germaniyaning Markaziy Osiyodagi rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Bugungi dolzarb masalalar – iqlim o‘zgarishi, suv resurslaridan foydalanish va energetika milliy chegaralar bilan cheklanmaydi. Shu bois, ularni faqat birgalikda hal qilish mumkin. Yaqin mintaqaviy hamkorlik davlatlar o‘rtasida ishonch va hamjihatlikni mustahkamlaydi.
Shu bilan birga, barqarorlikni taʼminlash va uzoq muddatli iqtisodiy taraqqiyot uchun yangi imkoniyatlar yaratadi. O‘zbekiston bu borada muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda. Bu butun mintaqa uchun katta ahamiyatga ega.
O‘tgan 35 yil davomida O‘zbekiston ulkan transformatsiya yo‘lini bosib o‘tdi. Mamlakatning mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy munosabatlarga ochilishi alohida eʼtirofga loyiq. Bu jarayon keng ko‘lamli siyosiy islohotlar bilan birga amalga oshirilmoqda. O‘zbekistondagi o‘zgarishlar butun Markaziy Osiyo uchun muhim namunaga aylanib, mintaqada innovatsiyalarni rivojlantirishga turtki bermoqda.
O‘zbekiston bugun Germaniya va Yevropa uchun Markaziy Osiyodagi muhim hamkorlardan biriga aylandi. Hamkorligimiz bir-birimizdan o‘rganish va global muammolarga birgalikda yechim topishga asoslangan.
O‘zbekistonni “Yangilanish va taraqqiyot” deya ifodalash mumkin. So‘nggi yillardagi o‘zgarishlar O‘zbekiston xalqi, Markaziy Osiyo mintaqasi va xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratdi. Bu jarayon insonda kelajakka ishonch va yangi marralar sari intilish ruhini uyg‘otadi.
O‘zbekiston xalqini mustaqillikning 35 yilligi bilan chin dildan tabriklayman. Bu sana erishilgan yutuqlarni munosib baholash va kelajakka ishonch bilan qarash uchun yaxshi imkoniyatdir.
O‘zbekiston xalqiga tinchlik, farovonlik va yuksak taraqqiyot tilayman. Germaniya bu borada O‘zbekistonni doim qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi