O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi Bonn shahrida tantanali nishonlandi
Sentabr 10, 2026. 11:00 • 2 daq
• 196
BONN, 10-sentabr. /“Dunyo” AA/. Bonn shahrida O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda Germaniya va O‘zbekistonning mahalliy hokimiyat organlari vakillari, diplomatik korpus, jamoat tashkilotlari hamda vatandoshlar ishtirok etdi.
Mazkur bayram tadbiri yurtimizning Frankfurt-Mayn shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Germaniya–O‘zbekiston “Bonn–Buxoro” jamiyati va Bonn xalq universiteti hamkorligida tashkil etildi.
Uchrashuvda Yangi O‘zbekiston, uning boy madaniy merosi, erishgan yutuqlari hamda Germaniya bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Bonn shahri meri Nikol Unterzeyex O‘zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi. U Bonn va Buxoro o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash hamda madaniyatlararo muloqotni yanada rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.
Mamlakatimizning Frankfurt-Mayn shahridagi bosh konsuli Miranshoh Raupov qatnashchilarni bayram bilan qutlab, O‘zbekiston–Germaniya hamkorligini gumanitar, madaniy va yoshlar sohalarida yanada kengaytirish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidladi.
Tadbir davomida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, sayyohlik salohiyati, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar va amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida taqdimot namoyish etildi. Shu bilan birga, anʼanaviy o‘zbek milliy taomlariga bag‘ishlangan taqdimot bo‘ldi. Bu mehmonlarga O‘zbekistonning milliy oshxonasi, kulinar anʼanalari va madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.
Bonn va Buxoro o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan muloqotda turizm, yoshlarning jamiyat hayotidagi roli va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Ishtirokchilarning Bonn shahrida Buxoro yoshlari ishtirokida yoshlar konferensiyasini o‘tkazish tashabbusiga alohida qiziqish uyg‘otdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi