Yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 340 trillion so‘mga yaqinlashdi

Avgust 11, 2026. 09:30 • 3 daq

69
Yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 340 trillion so‘mga yaqinlashdi

TOSHKENT, 11-avgust. /“Dunyo” AA/. 2026-yilning yanvar–iyun oyida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan O‘zbekistonda asosiy kapitalga 338,9 trillion so‘m investitsiya o‘zlashtirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

2025-yilning shu davriga nisbatan o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmining 17,5 foizga oshgani investitsiya bazasi kengayib borayotganidan va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yirik loyihalar amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.

Milliy statistika qo‘mitasining maʼlum qilishicha, o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi bo‘yicha qayta ishlash sanoati yetakchilik qildi – 100,5 trillion so‘m. Asosiy kapitalga yo‘naltirilgan jami investitsiyalarning qariyb 30 foizi uning hissasiga to‘g‘ri keldi.

Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligiga – 32,9 trillion so‘m, qurilishga – 32,5 trillion so‘m, elektr taʼminoti, gaz, bug‘ uzatish va havoni konditsiyalashga – 29,9 trillion so‘m miqdorida katta hajmdagi mablag‘lar yo‘naltirildi.

Uy-joy qurilishiga – 27,3 trillion so‘m, tog‘-kon sanoatiga – 21,8 trillion so‘m, transport va saqlashga – 16,3 trillion so‘m sarmoya kiritildi.

Shuningdek, ulgurji va chakana savdo, avtomobil va mototsikllarni taʼmirlashga – 13,7 trillion so‘m, suv taʼminoti, kanalizatsiya, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilishga – 7,4 trillion so‘m, taʼlim sohasiga – 7,2 trillion so‘m miqdorida salmoqli investitsiyalar kiritildi.

Axborot va aloqa sohasiga – 5,8 trillion so‘m, yashash va ovqatlanish xizmatlariga – 5,6 trillion so‘m, kasbiy, ilmiy va texnik faoliyatga – 4,6 trillion so‘m yo‘naltirildi. Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasiga ham xuddi shuncha mablag‘ sarflandi.

Moliyaviy va sug‘urta faoliyatiga kiritilgan investitsiyalar hajmi 2,4 trillion so‘mni, sanʼat, ko‘ngilochar va dam olish sohasiga esa 2 trillion so‘mni tashkil etdi. Boshqa iqtisodiy faoliyat turlariga 24,4 trillion so‘m to‘g‘ri keldi.

Shunday qilib, O‘zbekistondagi investitsiya oqimi sanoat, energetika va qazib olish sektoridan tortib qurilish, transport, taʼlim, sog‘liqni saqlash va raqamli iqtisodiyotgacha bo‘lgan keng ko‘lamli tarmoqlarni qamrab olmoqda.

Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, investitsiyalar tarkibi sanoat ishlab chiqarishi O‘zbekistonda kapital qo‘yilmalarining asosiy yo‘nalishi bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, investitsion faollik infratuzilma, energetika, uy-joy qurilishi va ijtimoiy ahamiyatga ega tarmoqlarni tobora kengroq qamrab olmoqda.

Investitsiyalar umumiy hajmining 17,5 foizga o‘sishi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada kengaytirish, infratuzilmani rivojlantirish va mamlakatning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash uchun zamin yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish