Tatariston rahbari Nijnekamskdagi dron hujumi oqibatida O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Avgust 10, 2026. 20:33 • 2 daq

82
Tatariston rahbari Nijnekamskdagi dron hujumi oqibatida O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lgani munosabati bilan hamdardlik bildirdi

QOZON, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. Tatariston Respublikasi rahbari Rustam Minnixanov bugun ertalab Nijnekamsk shahridagi bir qator obyektlarga uchuvchisiz uchish apparatlari hujumi oqibatida O‘zbekistonning 7 nafar fuqarosi halok bo‘lgani munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevga hamdardlik bildirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Tatar-inform” axborot agentligining xabar berishicha, sanoat zonasidagi xostelda halok bo‘lgan 9 kishi orasida xorijiy fuqarolar ham bo‘lgan.

“Voqea joyiga O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsuli Nodirjon Qosimov yetib bordi. Diplomat halok bo‘lganlarning jasadlarini vataniga qaytarish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish bilan shug‘ullanmoqda”, – deya aniqlik kiritgan agentlik.

Hujum oqibatida jami 13 kishi halok bo‘lib, 48 kishi turli darajada tan jarohati olgan. Bugun Tataristonda motam kuni, deya e’lon qilindi.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, sud-tibbiy ekspertizasi va zarur rasmiyatchiliklar yakunlangach, halok bo‘lgan vatandoshlarimiz jasadlarini vatanga qaytarish choralari ko‘riladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish