O‘zbekiston vaqtincha yashash uchun uy-joy qidirish va bron qilish bo‘yicha Amerikaning onlayn platformasi bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilmoqda
Oktabr 03, 2026. 14:50 • 2 daq
• 181VASHINGTON, 3-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi va Turizm qo‘mitasi huzuridagi Milliy PR-markazi ko‘magida “Airbnb” onlayn-platformasi vakillari bilan onlayn-uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralarda “Airbnb”ning federal masalalar bo‘yicha rahbari Akila Pauell va xalqaro munosabatlar siyosati bo‘yicha mas’ul Nayana Renu Kumar ishtirok etdilar.
Uchrashuvda mamlakatimizda turistik soha jadal rivojlanayotgani, xususan, 2025-yilda O‘zbekistonga 12 millionga yaqin xorijiy sayyoh kelgani, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida esa bu ko‘rsatkich 7,8 millionni tashkil etgani qayd etildi. Shuningdek, joriy yilning birinchi yarmida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida 13,4 milliondan ortiq ichki safarlar amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Tomonlar mazkur ko‘rsatkichlardan kelib chiqqan holda, vaqtinchalik turar joylarni izlash va bron qilish bo‘yicha jahondagi yetakchi platforma hisoblangan “Airbnb” faoliyatini O‘zbekistonda rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, Buyuk ipak yo‘li salohiyati, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari, shuningdek, tog‘li va qishloq hududlari imkoniyatlarini mazkur platforma orqali keng targ‘ib qilish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
“Airbnb” vakillari O‘zbekistonning turistik salohiyatiga katta qiziqish bildirib, mamlakatda yirik xalqaro forumlar, sport musobaqalari va ko‘rgazmalar o‘tkaziladigan paytlarda mehmonxona infratuzilmasiga tushadigan qo‘shimcha yuklamani bartaraf etishda muqobil joylashtirish xizmatlari muhimligini ta’kidladilar.
Muzokaralar yakunida O‘zbekistondagi joylashtirish obyektlari sonini platformada ko‘paytirish, mahalliy uy egalari va tadbirkorlarni jalb qilish, xizmat ko‘rsatish hamda xavfsizlik standartlarini ta’minlash bog‘liq amaliy hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


