12–16-oktabr kunlari poytaxtimizda XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tadi

Oktabr 03, 2026. 11:40 • 2 daq

• 125
12–16-oktabr kunlari poytaxtimizda XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tadi

TOSHKENT, 3-oktabr. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 12–16-oktabr kunlari O‘zbekiston poytaxtida “Voqealar gorizonti” mavzusidagi XI Toshkent xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xorijiy va mahalliy rassomlarning asarlari poytaxtning yetakchi muzey va galereyalarida namoyish etiladi. Dasturga Samarqandga tashrif ham kiritilgan. Bu oktyabr oyida mamlakatimizga keladigan madaniy turizm ixlosmandlariga zamonaviy san’at va tarixiy meros bilan bir safarda tanishish imkonini beradi.

Biyennale 2001-yildan buyon har ikki yilda bir marta o‘tkazib kelinadi. Bu yilgi mavzu insonning texnologik va madaniy o‘zgarishlar ostonasidagi holatiga bag‘ishlangan. Konsepsiyada qadimiy karvon yo‘llari chorrahasidagi Toshkent “oazis” — umid va yangi ma’no ramzi sifatida talqin etiladi.

Ochilish marosimi 12-oktabr kuni Markaziy ko‘rgazmalar zalida bo‘lib o‘tadi. Keyingi kunlarda Toshkent fotosuratlar uyi, Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san’ati muzeyi, O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi va Ikuo Xirayama nomidagi Xalqaro madaniyat karvonsaroyida ko‘rgazmalar ochiladi. Dasturda performans, mahorat darslari, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya hamda mustaqillikning 35-yilligiga bag‘ishlangan “Charxpalak” ko‘rgazmasi ham bor. Biyennale 16-oktabr kuni yakunlanadi.

2024-yil 14-18-oktabr kunlari bo‘lib o‘tgan X biyennaleda 40 dan ortiq xorijiy ishtirokchilar ishtirok etdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish