Jakartada «O‘zbekiston–Indoneziya» turizm forumi bo‘lib o‘tdi
Oktabr 03, 2026. 10:30 • 3 daq
• 172JAKARTA, 3-oktyabr. /«Dunyo» AA/. O‘zbekistonning Indoneziyadagi elchixonasi tomonidan «O‘zbekiston–Indoneziya» turizm forumi doirasida to‘g‘ridan to‘g‘ri G2B va B2B formatida biznes-muzokaralar hamda milliy madaniy-gastronomik taqdimot tadbirlari tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Indoneziya Janubi-Sharqiy Osiyodagi yirik iqtisodiyot va 285 milliondan ziyod aholisi bilan dunyodagi eng ko‘p musulmon aholi istiqomat qiluvchi davlat hisoblanadi.
Bu yerda aholining 87 foizidan ortig‘i islom diniga e’tiqod qiladi. Mamlakat xalqaro ziyorat turizmi bozorida mutlaq yetakchilardan biri bo‘lib, har yili 1,8 million nafardan ortiq indoneziyalik Saudiya Arabistoniga Umra safarini amalga oshiradi.
Shu bilan birga, Indoneziya fuqarolari uchun O‘zbekistonga 30 kunlik vizasiz rejim amal qilmoqda. 2026-yilning dastlabki besh oyida mamlakatimizga tashrif buyurgan indoneziyalik sayyohlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 63,4 foizga oshdi.
Forumda Indoneziyaning tegishli vazirlik va idoralari rahbariyati, milliy turizm uyushmalari rahbarlari, turoperatorlar va aviakompaniyalar, ishbilarmon doiralar hamda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Xususan, Indoneziya Turizm vaziri o‘rinbosari Ni Made Ayu Martini hamda Haj va Umra ishlari bo‘yicha vazirning maxsus vakili Muhammad Hasan Afandi qatnashdi.
Ni Made Ayu Martini O‘zbekistonning turizmni iqtisodiyotning strategik drayveriga aylantirish borasidagi islohotlari, joriy etilgan vizasiz rejim, mamlakatlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar va sayyohlar almashinuvini kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Muhammad Hasan Afandi O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi beshigi sifatidagi noyob maqomini qayd etib, Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Imom al-Moturidiy va yetti avliyo nomi bilan bog‘liq ziyoratgohlarning Indoneziya musulmonlari uchun ahamiyatini ta’kidladi. U Indoneziya Haj va Umra ishlari vazirligi tomonidan «Umrah Plus Uzbekistan» dasturi qo‘llab-quvvatlanishini ma’lum qildi.
Tadbirda Indoneziyaning yetakchi sayyohlik uyushmalari — «ASITA», «AMPHURI», «ASTINDO», «ASTAGATRA RI», «ASPHURINDO», «KBB Haji» rahbarlari, O‘zbekistondan esa Turizm qo‘mitasi delegatsiyasi, oltita yirik turoperator rahbarlari, «Qanot Sharq» aviakompaniyasi va «Shodlik» davlat ashula va raqs ansambli vakillari ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi va turizm infratuzilmasi, Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz va Toshkentdagi ziyoratgohlar, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hazrati Imom majmuasidagi Usmon mus’hafi, Bahouddin Naqshband majmuasi, halol ovqatlanish standartlari, namozxonalar mavjudligi va «Afrosiyob» tezyurar poyezdining imkoniyatlari taqdim etildi.
Oltita o‘zbekistonlik turoperator indoneziyalik hamkorlarga ekspress-tranzit turlaridan tortib, Xorazm va Xiva bo‘ylab klassik ziyorat yo‘nalishlari va dasturlarigacha bo‘lgan tayyor turpaketlarni taqdim etdi. «Qanot Sharq» aviakompaniyasi Jakarta, Toshkent va Samarqand o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri charter va muntazam reyslarni tashkil etish imkoniyatlari xususida to‘xtalib o‘tdi.
Uchrashuvlarda o‘zaro strategik hamkorlik, o‘zbekistonlik turoperator va «AMPHURI» uyushmasi o‘rtasida ziyorat turizmi sohasida sheriklik hamda «Umrah Plus Uzbekistan» dasturini ilgari surish bo‘yicha memorandum, «ASTAGATRA RI» va «ASITA» uyushmalari bilan kelishuvlar imzolandi.
Mazkur hujjatlar O‘zbekistonning mehmonxona fondini ulgurji narxlarda kafolatli band qilish, «Afrosiyob» poyezdiga chiptalar kvotasi va indoneziyalik ziyoratchilarning huquqlarini himoya qilishni nazarda tutadi.
G2B va B2B formatidagi muzokaralar yakunlariga ko‘ra, 2026-yil kuz-qish va 2027 yil bahor mavsumlarida 12,5 mingdan ortiq indoneziyalik sayyoh va ziyoratchilarni O‘zbekistonga yuborish, yirik turoperatorlar bilan charter reyslari uchun blok joylarini sotib olish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.
Tadbirda madaniy-gastronomik dastur — «Shodlik» davlat ashula va raqs ansamblining chiqishi, «Ipak yo‘li navolari» musiqiy uvertyurasi, «Lazgi» raqsi, Toshkentdan taklif etilgan oshpaz tomonidan tayyorlangan o‘zbek milliy palovi indoneziyaliklarda katta taassurot qoldirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




