TXIF-2026 doirasida xalqaro sanoat ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
Iyun 16, 2026. 12:00 • 2 daq
• 68
TOSHKЕNT, 16-iyun. /“Dunyo” AA/. Bugun boshlangan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida CAEx ko‘rgazma majmuasida O‘zbekistonning sarmoyaviy, ishlab chiqarish va eksport salohiyatini namoyish etishga qaratilgan yirik xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ishga tushdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ekspozitsiya forumning markaziy maydonlaridan biriga aylanib, mamlakatimizning yetakchi kompaniyalari, tarmoq birlashmalari, davlat idoralari va xorijiy hamkorlarni jamladi. Qariyb 6 ming kvadrat metr maydonda milliy iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarining jadal rivojlanishini aks ettiruvchi o‘nlab investitsiya loyihalari va istiqbolli ishlab chiqarish tashabbuslari taqdim etilmoqda.
Ko‘rgazma ishtirokchilari O‘zbekistonning neft-gaz-kimyo sanoati, mashinasozlik, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish, qurilish materiallari, metallurgiya, farmatsevtika, oziq-ovqat, chakana savdo va boshqa strategik muhim sohalardagi yutuqlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, eksport salohiyatini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga yo‘naltirilgan loyihalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Ko‘rgazma biznes vakillari, xalqaro moliya institutlari, investitsiya fondlari va davlat organlari o‘rtasida bevosita aloqalar o‘rnatish uchun samarali platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Tadbir davomida ishtirokchilar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari, sarmoyalarni jalb etish va xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilishi mumkin.
Forumning ishbilarmonlik dasturidan panel muhokamalari, tarmoq va hududiy forumlar, investitsiya loyihalari taqdimotlari, tadbirkorlar uchun pitch-sessiyalar, shuningdek, B2B va G2B formatidagi uchrashuvlar o‘rin olgan. Ushbu tadbirlar davomida hamkorlik bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishilishi va iqtisodiyotning turli sohalarida shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, V Toshkent xalqaro investitsiya forumida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidan 9 mingdan ziyod delegat, jumladan, xalqaro tashkilotlar, yirik investitsiya fondlari, moliya institutlari va dunyoning yetakchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi