O‘zbekiston diplomatlari Xitoyning Sanya shahridagi vatandoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
Iyun 16, 2026. 11:00 • 2 daq
• 82SANYA, 16-iyun. /“Dunyo” AA/. Yurtimizning Guanchjou shahridagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Sanya shahrida istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, huquqbuzarlik sodir etganlikda ayblanib, tergov harakatlari olib borilayotgan davrda jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi bilan konsullik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida fuqarolarni saqlash sharoitlari, sog‘lig‘i, jismoniy va ruhiy holati, qonuniy huquq va manfaatlarining ta’minlanishi masalalari o‘rganildi.
Bundan tashqari, hududda tahsil olayotgan va mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Tadbir davomida Xitoyning migratsiya va mehnat qonunchiligi talablariga, amaldagi ichki qoida va me’yorlarga qat’iy rioya qilish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilariga Xitoyda ish vizasini rasmiylashtirish tartibi, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYO) organlari hujjatlarini olish, biometrik pasport, notarial xizmat ko‘rsatish masalalari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan “Consular Services” mobil ilovasining afzalliklari tushuntirilib, fuqarolar uning imkoniyatlaridan faol foydalanishga chaqirildi.
O‘z navbatida, vatandoshlar Bosh konsulxona tomonidan tashkil etilayotgan bunday uchrashuvlar ularning huquqiy savodxonligini oshirish va konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha zarur maslahatlar olishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

