Germaniya¬ va O‘zbekiston o‘rtasida dual ta’lim tizimida muhim hamkorlik kelishuvlari imzolandi

Iyun 16, 2026. 11:30 • 3 daq

109
Germaniya¬ va O‘zbekiston o‘rtasida dual ta’lim tizimida muhim hamkorlik kelishuvlari imzolandi
Germaniya¬ va O‘zbekiston o‘rtasida dual ta’lim tizimida muhim hamkorlik kelishuvlari imzolandi
Germaniya¬ va O‘zbekiston o‘rtasida dual ta’lim tizimida muhim hamkorlik kelishuvlari imzolandi
Germaniya¬ va O‘zbekiston o‘rtasida dual ta’lim tizimida muhim hamkorlik kelishuvlari imzolandi
Germaniya¬ va O‘zbekiston o‘rtasida dual ta’lim tizimida muhim hamkorlik kelishuvlari imzolandi

BЕRLIN, 16-iyun. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tomonidan ikki davlat oliy ta’lim tizimidagi hamkorlikka bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu tadbirda Germaniyaning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, ta’lim grantlari bo‘yicha jamg‘armalar hamda dual ta’lim agentliklari vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimiz nomidan O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Ilhom Siradjev hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov boshchiligidagi oliy ta’lim muassasalari rektorlaridan iborat delegatsiya qatnashdi.

Anhalt Amaliy fanlar universiteti rahbariyati moderatorligida o‘tgan tadbirda O‘zbekiston elchisi Dilshod Ahatov yurtimizda ta’lim sohasidagi islohotlar, xususan, ta’lim sifatini oshirish va Germaniya tajribasi asosida qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish borasidagi sa’y-harakatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov O‘zbekistonda 50 ming nafar yosh dual ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgani va 2030-yilga borib ularning sonini 200 mingga yetkazish maqsad qilinganini ma’lum qildi. Vazirning qayd etishicha, yurtimizda faoliyat yuritayotgan 200 dan ortiq nemis korxonalarining mavjudligi ushbu tizimni muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Davra suhbati davomida Germaniyaning Oliy ta’limni o‘rganish tadqiqot markazi (CHE), Saksoniya dual amaliy fanlar universiteti hamda Berlin va Brandenburg federal o‘lkalari dual ta’lim agentliklari rahbarlari o‘z tajribalari va muvaffaqiyatli modellari bo‘yicha taqdimot o‘tkazdi.

Davra suhbati jarayonida qator amaliy natijalarga erishildi. Xususan, Germaniya amaliy fanlar universitetlari konsorsiumi va O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi o‘rtasida yurtimizda Germaniya amaliy fanlar universitetini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolandi. Shuningdek, oliy ta’lim yo‘nalishida dual ta’limni rivojlantirishga qaratilgan qator ikki tomonlama memorandumlar rasmiylashtirildi.

Professor Markus Krabbes, Saksoniya dual oliy maktabi rektori:

– Oliygohimiz yangi tashkil etilgan bo‘lsa-da, uzoq yillik tajribaga ega. Dual ta’limda talabalar uch yillik o‘qish davomida o‘qish davrining yarmini korxonalarda, sug‘urta tashkilotlari yoki banklarda, qolgan yarmini esa oliy ta’lim muassasasida o‘tkazadi.

Endilikda Saksoniya dual oliy maktabi rasman oliy ta’lim muassasasi sifatida e’tirof etilgani bois, xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish imkoniyatiga egamiz. Albatta, men bunday hamkorlikni eng avvalo O‘zbekiston bilan yo‘lga qo‘yishni juda xohlayman. Chunki Germaniyada mamlakatingizda tahsil olishga qiziqadigan yoshlar juda ko‘p.

Saksoniya tajribasida dual ta’limning muhim jihati shundaki, men rahbarlik qilayotgan oliygoh bir joyda joylashmagan, balki turli hududlarda o‘z filiallariga ega va u yirik universitetlar bo‘lmagan hududlarda faoliyat yuritadi. Bunday o‘quv muassasalari yoshlarni o‘z hududlarida saqlab qoladi, ularni korxonalar bilan bog‘laydi, korxonalarni esa ilm-fan bilan yaqinlashtiradi.

Fransiska Kul, Brandenburg federal o‘lkasi dual ta’lim agentligi rahbari:

– Avvalo, O‘zbekiston elchixonasiga taklif uchun minnatdorlik bildirmoqchiman. Men uchun bu juda qiziqarli va mazmunli uchrashuv bo‘ldi.

O‘zbekistondan kelgan oliy ta’lim sohasi rahbarlari va oliy o‘quv yurtlari rektorlari bilan tanishish menda katta taassurot qoldirdi. Shuningdek, O‘zbekistonda dual ta’limga qiziqish va e’tibor ortib borayotgani meni juda quvontirdi.

Dual ta’lim sohasida xalqaro hamkorlik va tomonlarning o‘zaro tajriba almashishi juda muhim, deb hisoblayman. Biz bu haqda ham fikr almashdik. Dual ta’lim oliy ta’lim muassasalari uchun yoshlarni amaliyotga erta jalb qilishning muhim imkoniyatidir. Ish beruvchilar uchun esa bu yoshlar bilan boshidanoq ishlash, ularni korxonaga bog‘lash va keyinchalik o‘qishni tamomlagandan so‘ng doimiy ish bilan ta’minlash imkonini beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish