Logo

O‘zbekiston va Rossiya Ombudsmanlari hamkorligida 31 nafar o‘zbekistonlik talabaga qo‘llanilgan maʼmuriy jazo bekor qilindi

Dekabr 18, 2025. 09:33 • 2 daq

285
O‘zbekiston va Rossiya Ombudsmanlari hamkorligida 31 nafar o‘zbekistonlik talabaga qo‘llanilgan maʼmuriy jazo bekor qilindi

TOSHKENT, 18-dekabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Moskvadagi elchixonasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Rossiyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida har ikki davlat Ombudsmanlari ishtirokida hamyurtlarimiz muammolarini o‘rganish maqsadida sayyor qabul tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ombudsman matbuot xizmati xabariga ko‘ra, sayyor qabul davomida Rossiyada joylashgan “Iqtisod oliy maktabi” milliy tadqiqot universitetida (NIU VSHE) tahsil olayotgan 31 nafar o‘zbekistonlik talabaning murojaati qabul qilingan. Maʼlum bo‘lishicha, universitet maʼmuriyati tomonidan talabalarning migratsiya hisobiga turish uzaytirilishi qoidalari to‘g‘risida vakolatli organlarga o‘z vaqtida maʼlumot berilmagan. Oqibatda, talabalar Rossiya hududida 90 kundan ortiq qolib ketgan va migratsiya qoidalari buzilgan, deb baholangan. Talabalarning aytishicha, 40 ming rubl miqdorida jarima maʼmuriy jazosi to‘lashi talab etilgan. 

Ushbu holat Rossiya Inson huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan nazoratga olinib, Ichki ishlar vazirligining Migratsiya xizmati bilan hamkorlikda tekshiruv o‘tkazildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, chet ellik talabalarning vaqtincha turish muddatlarini uzaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Shuningdek, hududiy ichki ishlar organlariga ushbu talabalarga nisbatan jarima solish yoki Rossiya hududidan maʼmuriy chiqarib yuborish kabi maʼmuriy jazo choralarini istisno tariqasida qo‘llamaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. 

Ahamiyatlisi, ushbu holatga o‘z vaqtida hal etilmaganida talabalar Rossiya hududidan maʼmuriy tarzda chiqarib yuborilishi mumkin edi. 

Ushbu ish ortidan nafaqat O‘zbekiston talabalarining, balki Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Moldova, Belarus davlatlaridan kelib taʼlim olayotgan 200 nafardan ortiq talabaning ham muammolariga ijobiy yechim topildi.

Rossiya Inson huquqlari bo‘yicha vakilining Ombudsmanga yo‘llagan xatida talabalar ko‘targan mazkur masala ijobiy hal etilganini maʼlum qilib, Ombudsmanlar o‘rtasidagi hamkorlik inson huquqlarini himoya qilishda amaliy natijalar berayotganini qayd etgan.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish