Karachida og'ir vaziyatga tushib qolgan yurtdoshimiz holidan xabar olindi
Dekabr 12, 2025. 19:14 • 3 daq
• 98KARACHI, 12 dekabr. /“Dunyo” AA/. O'zbekistonning Pokistondagi elchixonasi xodimi Karachi shahrida joylashgan Markaziy ayollar qamoqxonasiga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida mazkur muassasada vaqtincha saqlanayotgan vatandoshimiz bilan suhbat uyushtirildi.
Hamyurtimiz Pokistonga 2024-yil dekabrda Maldiv fuqarosi bo'lgan sharʼiy nikohdagi turmush o'rtog'i bilan tadbirkorlik qilish maqsadida kelgan. U shu yil yanvar oyida giyohvand moddalar savdosi bilan shug'ullangan guruhga turmush o'rtog'i bilan sheriklikda gumonlanib, hibsga olingan va Karachi shahridagi Markaziy ayollar qamoqxonasiga joylashtirilgan. Ayni paytda sud jarayoni davom etayapti.
Hamyurtimiz xorijlik turmush o'rtog'ining yolg'on vaʼdalariga ishonib, Pokistonga kelgani va gihyovand moddalar savdosiga umuman aloqasi yo'qligini taʼkidlagan holda elchixonaga ozodlikka chiqishiga yordam so'rab murojaat yo'llagan.
O'zbekiston diplomatlari fuqaromizning murojaati asosida u bilan bir necha bor suhbat o'tkazdi. Tergov tafsilotlari o'rganildi va sud jarayoni kuzatib borilmoqda.
Vatandoshimizning aytishicha, diplomatik vakolatxona xodimlarining mazkur ishga aralashuvidan so'ng, unga qo'yilgan ayblovlar yana-da xolis ko'rib chiqilyapti.
“O'zbekiston Elchixonasi ko'magida menga yangi advokat yollandi. Men o'zimni butunlay aybsiz, deb bilaman. Afsuski, turmush o'rtog'imning yolg'on va'dalariga ishonib, o'z Ona Vatanimni tashlab bu erlarga kelib, shu holatga tushib qoldim. Mamlakatimiz diplomatlari mening holimdan doim xabar olib turibdi. Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbariga va diplomatlarimizga xorijiy davlatda bo'lgan fuqarosini o'z holiga tashlab qo'ymagani va mening ozodlikka chiqishim uchun amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari uchun minnatdorlik bildiraman”, – dedi u.
Uchrashuv davomida vatandoshimizning haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida konsullik-huquqiy maslahatlar berildi. SHuningdek, faol vatandoshlar ko'magida, oziq-ovqat mahsulotlari, qishki kiyim kechaklar va pul mablag'i berildi.
YUrtdoshimizga Pokiston tomonidan ajratilgan advokat mazkur ishni ko'rish jarayonida sustkashlikka yo'l qo'ygani uchun u bilan kelishuv bekor qilinib, Elchixona tomonidan boshqa advokat yollandi.
Safar davomida ushbu advokat bilan ham muloqot o'tkazildi. YAngi jalb qilingan advokat vatandoshimizning ozodlikka chiqish imkoniyati yuqori ekanini maʼlum qildi. Taʼkidlashicha, hamyurtimizning maldivlik turmush o'rtog'i ham uning aybsizligini tasdiqlagan va xotinining ozodlikdan cheklash davri uchun maʼnaviy zararni qoplab berishga va o'zi qonuniy jazo olishga tayyorligini bildirgan.
Xizmat safari davomida, elchixona xodimi Karachi shahridagi Markaziy ayollar qamoqxonasi rahbari bilan ham uchrashdi. Suhbat davomida, muassasada bo'lgan yurtdoshimizning holati muhokama qilindi. Uni tez orada O'zbekistonga, yaʼni yaqinlari oldiga qaytarish imkoniyatlari xususida fikr almashildi.
Muassasa rahbarining aytishicha, yurtdoshimiz o'zining odob-axloqi, tarbiyasi, atrofidagilarga bo'lgan munosabati bilan boshqalardan ajralib turadi.
“O'zbekiston fuqarosining ishi bo'yicha sud jarayoni davom etayotgani uchun u mazkur muassasada vaqtincha saqlanmoqda. Uning xulq-atvori juda yaxshi. Boshqalar bilan tez til topishib ketadi. Xonadoshlariga esa juda mehribon. Biz uning sud zalidan ozodlikka chiqishini chin dildan istaymiz”, – dedi muassasa rahbari.
Suhbat davomida hamyurtimizning dam olishi, yaqinlari bilan uchrashishi, telefon orqali muloqot qilishi, advokat bilan uchrashishi, o'z vaqtida tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun imkoniyatlarni yana-da kengaytirishga kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Norvegiyadagi vatandoshlar bilan ochiq muloqot o'tkazildi
Malayziyaga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga
Vatandoshlar bilan mavjud muammo va kamchiliklar muhokama qilindi
O‘zbekiston diplomatlari Kopengagenda vatandoshlar bilan uchrashdi
Belgiyada vatandoshlar ishtirokida bayram tadbiri o‘tkazildi

