Italiyada “Zakovat” intellektual bellashuvi o‘tkazildi
Fevral 17, 2026. 16:00 • 2 daq
• 35RIM, 17-fevral. /“Dunyo” AA/. Italiyadagi Sapiyensa universitetida o‘zbek talabalari ishtirokida navbatdagi “Zakovat” intellektual musobaqasi o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Elchixona tashabbusi bilan tashkil etilgan bilimlar bellashuvi “Italiyadagi o‘zbeklar jamoasi” faollari, Sapiyensa universiteti hamda “Zakovat” intellektual klubi vakillari ko‘magida tashkil etildi.
Intellektual o‘yin 3 bosqichda o‘tkazildi. Ishtirokchilar 1-shartda “Zakovat QUIZ” (umumiy 6 ta raund), 2-shartda “Zakovat savollari” va 3-shartda “Blits savollar” bo‘yicha qiziqarli va murakkab savollarga javob topish orqali o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi.
3 bosqichda 6 nafar talabadan iborat 12 ta jamoa, jami tashkiliy qo‘mita bilan birga 80 nafar ishtirokchi qatnashdi. Ushbu musobaqa Italiyada o‘qiydigan talabalar ishtirokida o‘tkazilgan katta tadbir bo‘ldi.
O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev taqdirlash marosimida yurtimizda yoshlar siyosati, ularning taʼlim olish sifatini oshirishga va chet elda tahsil olayotgan talabalarimizga berilayotgan eʼtibor to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.
Elchi Italiyada taʼlim olayotgan o‘zbek yoshlarini o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlab, chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lganidan so‘ng vatanimizga qaytib, iqtisodiyotimiz va jamiyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shishga chorladi.
Bellashuv g‘oliblari quyidagicha eʼlon qilindi: 1-o‘rin “Fiat 500”, 2-o‘rin “Infiniti” va 3-o‘rinni egallagan “Vazirlik talabalari” jamoalari musobaqa kubogi, faxriy medallar, maxsus sertifikatlar hamda “Zakovat intellektual klubi” homiyligi bilan to‘plangan pul sovrinlari bilan mukofotlandi.
Shuningdek, intellektual musobaqada qatnashgan eng faol erkak va ayol ishtirokchi va boshqa yo‘nalishlarda faol talabalar elchixona tomonidan maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi





